Germaniya ortidan Italiya ham Afg‘onistondan harbiylarini olib chiqib ketdi
Olam
−
01 iyul 2021
7443Italiya o‘z harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqish operatsiyasini yakunladi. Bu haqda Italiya Mudofaa vaziri Lorenso Guerini kecha, 30 iyun kuni ma’lum qilgan.
“Kecha Italiyaning Afg‘onistondagi missiyasi rasman yakunlandi”, degan vazir.
Ta’kidlanishicha, italiyalik harbiylarning bir necha o‘n kishidan iborat so‘nggi guruhi Afg‘onistonning Hirot viloyatidan chiqib ketgan. Vazirga ko‘ra, endi Italiya Afg‘oniston hukumatiga qo‘shinlarsiz yordam berishda davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida, Italiya NATOning Afg‘onistondagi missiyasining eng faol ishtirokchilaridan biri edi. Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududida taxminan 20 yilga yaqin vaqt davomida Italiyaning 53 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, yana 723 kishi jarohat olgan. Umuman olganda, bu vaqt ichida Afg‘onistonda 50 ming italiyalik harbiy xizmat qilgan.
Avvalroq, Germaniya 20 yillik missiyadan so‘ng Afg‘onistondagi qo‘shinlarining so‘nggi kontingentini olib chiqib ketgani haqida xabar bergandik.
AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
Faollashgan "Tolibon"
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.
So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
LiveBarchasi