“Tolibon” Tojikiston va Qirg‘izistonga: “Muammolaringizni tinch yo‘l bilan hal qiling”
Olam
−
07 iyun 2021
31820“Tolibon” harakati Tojikiston va Qirg‘izistonni “o‘z muammolarini dialog orqali hal qilish va har ikki davlatga foyda keltiradigan mantiqiy yechim izlashga” chaqirdi. Bu haqda “Aziya-Plyus” xabar bermoqda.
Quyidagi xabar joriy yilning 5 iyun kuni “Tolibon” harakati vakili Zabehullo Mujohid tomonidan tarqatilgan:
“Islom amirligi (tashkilot o‘zini Islom amirligi deb ataydi — tahr.) ikki islomiy va qardosh mamlakatlarni o‘z muammolarini dialog orqali hal qilishga chaqiradi”.
“Tolibon”ning Markaziy Osiyodagi ikki mamlakatni o‘zaro kelishmovchiliklarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirishi AQSH bilan tinchlik bitimi imzolangani va Afg‘oniston hukumati bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borishga rozi bo‘lganiga qaramay, guruh ushbu mamlakatda jangavor harakatlarini davom ettirayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek, Zabehullo Mujohid o‘z xabarida shunday yozadi:
“Bizda urushlarning zarari borasida juda ko‘p amaliy tajriba bor. Urush boshlanishi oson ko‘rinishi mumkin, ammo urushning haqiqiy borishi, uning oqibatlari va yo‘qotishlari ancha katta bo‘ladi”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” avvalroq Tog‘li Qorabog‘dagi Ozarbayjon-Armaniston mojarosi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirgan edi. Harakat BMT rezolyutsiyasiga muvofiq, bu mintaqa Ozarbayjon hududining bir qismi, ammo Armaniston mintaqani egallashda davom etayotganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda o‘ldirilgan tinch aholining 43,5 foizi “Tolibon” hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” harakati Afg‘onistonga qo‘shni — Markaziy Osiyo davlatlarini, shu jumladan Tojikistonni o‘z hududida xorijiy bazalarni joylashtirmaslikka chaqirib, ogohlantirgandi.
Afg‘oniston atrofidagi vaziyat
Joriy yilning 14 aprel kuni “Tolibon” barcha xorijiy kuchlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qildi.
Jo Bayden 11 sentyabrgacha Afg‘onistondagi barcha AQSH askarlarini mamlakatdan chiqarish niyatida ekanini aytgandi. Harbiylarni chiqarish ishlari may oyidan boshlandi.
OAVda AQSH ortidan uning ittifoqchisi Buyuk Britaniya ham Afg‘onistondagi harbiy kontingentini ortga qaytarishini haqida ma’lumotlar tarqaldi. Shuningdek, Gruziya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqmoqchi ekanini bildirdi.
Keyinchalik, rasmiy Tehron “Tolibon” harakatining Afg‘onistonda Islom amirligini tuzish bo‘yicha rejalari to‘g‘risida xabardorligi va bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qilgandi.
Turkiya, Pokiston va Afg‘oniston “Tolibon”ni “Afg‘onistonda barqaror tinchlikka olib keladigan har tomonlama muzokarali kelishuvga erishishga” sodiqligini tasdiqlashga chaqirdi.