“Tolibon” Hirotda. Eron va Turkmaniston bilan chegaradagi postlar egallab olindi

Olam

image

“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘onistonning Eron va Turkmaniston bilan chegarasidagi nazorat punktlarini egalladi. Ikkisi ham Hirot viloyatida joylashgan. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni “TOLOnews” telekanali mahalliy bojxona xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berdi.

“Tolibon” vakillari Fransiyaning AFP nashriga Eron bilan chegaradagi Islom-Qala nazorat-o‘tkazish punkti egallab olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. Biroq, Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ushbu nuqta ustidan hukumat nazorati yo‘qolganini rad etmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Eron poytaxti Tehronda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati vakillari mamlakatdagi inqirozni qurolli yo‘l bilan emas, siyosiy yo‘l bilan hal qilish ustida ishlashga kelishib olgandi. Ko‘rinib turibdiki, ushbu muzokaralar hali o‘z natijasini berganicha yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda “Tolibon” vakillari Moskvada bo‘lib turibdi. Ushbu tashrif davomida ular bir qator bayonotlar berdi. Xususan, toliblar maqsadi — “erkin Islomiy Davlat tizimi”ni yaratish ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, harakat vakillari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi. Bundan  tashqari, “Tolibon” ayni vaqtda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilishini aytib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Ayni vaqtda Afg‘oniston rasmiylari ushbu ma’lumotni rad etgan. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron Turkmaniston Tehron “Tolibon”

Baholaganlar

128

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing