Suriya Ukraina bilan diplomatik aloqalarini uzdi – OAV
Olam
−
20 iyul 2022
5780Suriya Ukraina bilan diplomatik aloqalarini uzdi. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni SANA agentligi Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu qadam Ukraina tomonining harakatlariga javob sifatida qabul qilingan.
“Suriya Kiyevning qaroriga javoban Ukraina bilan o‘zarolik tamoyili asosida diplomatik munosabatlarni uzishga qaror qildi”, deyiladi xabarda.
Damashqda ular Kiyev haqiqatda 2018 yilda suriyalik diplomatlarning vizalarini uzaytirishdan bosh tortganida, munosabatlarni uzgan deb hisoblashadi.
“Ushbu qadam natijasida diplomatlar o‘z vazifalarini bajara olmadi, Ukraina rasmiylarining dushmanlik pozitsiyasi hamda G‘arb va AQSHning Suriyaga nisbatan siyosatiga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunishi tufayli elchixona faoliyati to‘xtatildi”, deyiladi xabarda.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina tomoni Damashqdagi elchixonani 2016 yilda yopgan, shuningdek, 2018 yilda Suriyaning Kiyevdagi elchixonasini yopishga buyruq bergan. Suriyadagi ukrainaliklarning manfaatlarini Ukrainaning Livandagi elchixonasi himoya qiladi.
Damashq 29 iyun kuni Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan oldi. Ertasi kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi konsullik aloqalarini saqlab qolgan holda Suriya bilan diplomatik munosabatlarni uzganini e’lon qildi. Ular Suriyaning DXR va LXRni tan olish qarorini nodo‘stona qadam, Ukraina hududiy yaxlitligiga tajovuz deb bilishlarini ta’kidladi. Bundan tashqari, Kiyev Suriyaning yuridik va jismoniy shaxslariga qarshi savdo embargosi va sanksiyalar joriy etish rejalarini ham ma’lum qildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.