Allamjonovga amal, “Sanjik”ga qamoq, Mirzayevga non to‘la tandir – Haftada tilga tushganlar
Tahlil
−
30 noyabr 13927 17 daqiqa
Bu hafta bilimning qadri ortdi, ilmga tikilgan investitsiya, ajratilgan vaqt, to‘g‘ri tarbiya o‘z natijasini ko‘rsatdi. O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida yakuniga yetgan shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafardan ortiq shaxmatchi bosh sovrin uchun kurash olib bordi. Javohir Sindorov bellashuvlarning finaliga qadar yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda Sindorovga xitoylik Vey Yi raqiblik qildi. Mazkur qarama-qarshilikning dastlabki ikki partiyasi durang bilan yakunlangandi. Yakunda g‘olib tay-breykda aniqlandi. Tay-breyk yakuniga ko‘ra, Javohir Sindorov 1,5 : 0,5 hisoblarida g‘alaba qozondi va Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.
Sindorovni Prezidentning shaxsan o‘zi qo‘ng‘iroq qilib tabrikladi.
Hali yigirma yoshga ham to‘lmagan Sindorov Toshkentga qaytib kelgach, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
Aytish o‘rinliki, tarixda biron marta o‘zbek shaxmatchisi Jahon kubogi finaliga qadar yetib kela olmagandi. Endi ushbu muvaffaqiyat orqali Javohir Sindorov 2026 yilning mart oyida o‘tkaziladigan nomzodlar turnirida ishtirok etadi.
Allamjonov yana yangi lavozimga tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari, Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan va 2024 yildagi suiqasddan omon qolgan Komil Allamjonov tugayotgan haftada tilga tushganlardan bo‘ldi. U Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishi bilan maslahatchi-vakil –Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.
Gap shundaki, joriy yilning 12 noyabrida Prezident imzolagan farmon bilan Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilgan edi. Farmon bilan tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi –Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi kiritildi.
Maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu lavozim egasi o‘z faoliyatida Administratsiya rahbariga hisobdor va O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.
Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, AQSH tomonidan esa Prezidentning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor raislik qiladi.
Aytish o‘rinliki, Komil Allamjonovga amalga oshirilgan suiqasd mamlakatda siyosiy muhitni tebratib yuborgan edi. Suiqasddan ko‘p o‘tmay, sabablari ma’lum qilinmagan holda, Davlat xavfsizlik xizmatini boshqarib kelgan general-leytenant Abdusalom Azizov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov, Bosh vazirning yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri Sarvar Ashurov lavozimidan ozod qilindi. Suiqasd bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Harbiy sudda ko‘rildi va unda Prezident xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Shuhrat Rasulovga 23 yil, buyurtmasi sifatida ko‘rilgan Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, Toshkent shahar IIBB xodimi Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil, ijrochilar Shohruh Ahmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yana 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berilgan. Ularning shaxsi esa ochiqlanmagan.
Komil Allamjonov kelsak, u oxirgi bor Prezident Administratsiyada ko‘rinish bergan 2024 yilning 30 sentyabridan deyarli 9 oy o‘tib, 2025 yilning 23 iyun kuni yana Administratsiya koridorlarida ko‘rinish berdi. O‘sha kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi etib tayinlandi. Allamjonov garchi Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlangan bo‘lsa-da, Administratsiya rahbariga maslahatchilikni ham o‘zida saqlab qolmoqda.
O‘zbekistonga Iroqdan 100 nafar tadbirkor olib kelinadi
O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan savdo imkoniyatlarini oshirish, ayniqsa, birinchi ma’muriyat davrida uzoq tutilgan mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish borasidagi qadamlari faqat AQSH va Yevropa mamlakatlari bilan tugamaydi. Ro‘yxatda Iroq va Suriya ham bor. So‘nggi yillarda “Tolibon” humkronligidagi Afg‘oniston bilan iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirib borayotgan Toshkent endi Suriya va Iroqni ham kun tartibiga kiritmoqchi.
Keyingi yildan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlaydi. Iroqning 100 nafar tadbirkori Samarqandga olib kelinadi, O‘zbekiston-Iroq biznes forumi o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida so‘z ochdi.
Uning qayd etishicha, Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 milliard dollarlik elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, avtomobil, farmatsevtika va qurilish materiallariga ehtiyoj bor. Lekin, bu bozorlarga jadal kirib borish uchun na tarmoq rahbarlari va na hokimlar tayinli natija ko‘rsatmoqda.
Prezidentning aytishicha, yil yakunigacha Afg‘onistonni Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovga ko‘ra, Iroq bozorida o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga talab katta, bozor bo‘sh.
Mirziyoyeva kechiktirib bo‘lmaydigan masalalarda yig‘ilish o‘tkazdi
Hafta boshini Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazish bilan boshlagan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hafta oxirlaganda mamlakat kuch tuzilmalari rahbarlari bilan ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda narkojinoyatchilik, jinoiy guruhlar va noqonuniy qurol-yarog‘ aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan samarali tizimni qisqa muddatda yaratish vazifasi qo‘yilgan.
Saida Mirziyoyeva jamiyatda, birinchi navbatda yoshlar orasida giyohvand moddalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodni giyohvandlik balosidan asrash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash davlatning bevosita vazifasi ekanini urg‘ulagan. Bu yo‘nalishdagi har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga qat’iy ravishda chek qo‘yilishi shart ekani aytilgan.
Mirziyoyevaga ko‘ra, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish – qat’iy va doimiy nazoratni talab qiladigan masala.
Yashirishga hojat yo‘q, O‘zbekistonda narkojinoyatlar yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, giyohvand moddalarning yangi turlari – sintetik giyohvandlik vositalari yoshlar orasida juda tez tarqalmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3 noyabr kuni imzolagan yangi farmon bilan narkojinoyat sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tash muddatidan ilgari ozod qilmaslik yoki jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik tartibi joriy etildi.
Jinoyat kodeksining 73 va 74-moddalariga asosan, shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etilishi yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilishi mumkin. Biroq, narkojinoyat sodir etgan shaxslar bilan bunday amaliyot qo‘llanilmaydi.
Endi O‘zbekistonda har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki uni jalb qilgan holda sodir etish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qayd etiladi, shuningdek, ularni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish uchun jazo 2 baravarga og‘irlashtiriladi hamda aynan ushbu joylarda voyaga yetmaganlarni mazkur moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Endi narkotiklarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, narkojinoiy uyushma yoki g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi va ushbu jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
O‘zbekistonda narkojinoyatlar yil sayin ortib bormoqda. 2020 yilda 6032 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilgacha bu raqam teng baravardan ortiqqa oshib, 12278 tani tashkil etgan. Ularning 3167 tasi yoshlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, har uchinchi narkojinoyatchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ekani aytilmoqda. Qolaversa, bundan besh yil avval narkojinoyatlarda ayollar ulushi atigi bir necha foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugun ularning soni uch barobarga ko‘paygan.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markaziga ko‘ra, ilgari asosan opiatlar va an’anaviy narkotik moddalar xavf tug‘dirgan bo‘lsa, bugun sintetik moddalar va internet orqali savdo kanallari birinchi o‘ringa chiqmoqda. Mefedron, spayslar, A-PVP va yashirin narkolaboratoriyada ishlab chiqarilgan boshqa sintetik narkotik moddalarning ulushi tez suratda o‘sib bormoqda. Ularni ishlab chiqarish arzonroq, tashish osonroq va ta’siri kuchliroq. Aynan shu sababli sintetik moddalar an’anaviy opiatlar va kannabisni siqib chiqarmoqda.
Shu bilan birga, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishi ham kuchaygan. Pregabalin, sibutramin va tropikamid kabi faqat retsept asosida sotilishi lozim bo‘lgan dori vositalari qaramlikning yangi shakliga aylangan. Faqat so‘nggi uch yil ichida ularni musodara qilish miqdori bir necha barobarga oshgan. Bu dorilarning ko‘pi internet va dorixonalar orqali sotilib kelinmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, yil boshidan 11 mingdan ziyod narkojinoyat aniqlanib, 2,5 tonnaga yaqin giyohvand moddalar ushlab qolingan. Ammo jamoatchilik, faollar Hukumatni giyohvand moddalarning savdosi, aylanmasi va mamlakatga kirib kelishi bilan bog‘liq holatlarga nisbatan kurashni sust olib borishda ayblab keladi. Ayniqsa, sintetik giyohvand moddalarning savdosi ortib borayotgani, ba’zi joylarda uni tashish va sotish, iste’mol qilish emin-erkin ekani, huquq-tartibot organlari yetarli darajada choralar ko‘rmasligi tanqid qilinadi.
Jamoatchilikning fikricha, ushbu masala bilan shaxsan Prezidentning to‘ng‘ich qizi shug‘ullanayotgani masalaning jiddiyligi va bu boradagi vaziyat keskin tus olishini anglatmoqda. Buning natijasi o‘laroq, Saida Mirziyoyeva yig‘ilish o‘tkazgan kunning o‘zidayoq mamlakat bo‘ylab giyohvand moddalarga nisbatan reydlar kuchaytirildi.
Toshkentlik “kuyov” ortidan “Sanjik” ham qamoqqa olindi
Toshkentning Malika bozoridagi “kuyov” va unga chuv tushgan Jamila Alimbayevani eslaysizmi? Bosh-boshidan Alimbayevlar oilasini chuv tushirgan kuyov Shahzodga aloqador sifatida ko‘rilgan, ijtimoiy tarmoqlarda “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimov tugayotgan haftada hibsga olindi.
Qayd etilishicha, 35 yashar Karimov Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. U Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasiga ko‘ra, Mirobod tuman sudida o‘tgan mahkama qarori bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan va tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Agar esingizda bo‘lsa, 1999 yilda tug‘ilgan Jamila Alimbayeva ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqib, 1997 yilda tug‘ilgan Shahzod ismli yigit uylanish vaji bilan uni aldagani, u oilasi bilan yashayotgan uyni 240 ming AQSH dollari evaziga garovga Sanjar Karimovga o‘tkazib bergani, keyiroq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Karimov qizning oilasidan uyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilgani bo‘yicha murojaat bilan chiqqan edi. Sanjar Karimov qiz va yigit o‘rtasidagi munosabatlardan bexabarligi, uyni sotib olgani, so‘ng bir oydan keyin sotganini iddao qilarkan, oradan ko‘p o‘tmay, uyni mehribonlik uyiga hadya qilganini bildirdi, biroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi Karimov uy-joyni mehribonlik uyiga topshirmaganini aytib chiqdi.
Bu orada o‘tgan hafta qizni chuv tushirgan yigitga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Tandir! Hokim saraton nega ko‘payayotganini aytdi
Bizning hokimlarda har sohadan bir shingil bor, hatto, shifokorlikda ham. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning aytishicha, ayollar tandirda non yopmay qo‘ygani uchun saratonga chalinish holatlari ko‘payib borayotgan emish.
Zoyir Mirzayevning gapiga qanchalik ishonin mumkin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi miq etgani yo‘q. Ilmiy va tibbiy asoslarni ham taqdim etgani yo‘q, tandirda non yopish haqiqatan ham saratonning oldini oladimi, yo yo‘q, bunga ham aniqlik kiritmadi. Umuman olganda, O‘zbekistonda har ikkinchi odam “tabib”. Tabib – tabib emas, boshidan o‘tkazgan – tabib, naqliga respublika aholisi bugungi davrda ham haddan ziyod amal qiladi. Dorixonlardagi turnaqator navbatlarning asosiy sababi ham shu. Odamlar shifokorga ko‘rinmay dori iste’mol qilishga, hatto, xalqaro tajribada retseptsiz beriladigan antibiotiklarni ham nos otgandek kaftlab otishga odatlangan. Shu bois, o‘zini tabib deb e’lon qilgan ba’zilarning oshig‘i olchi. Zoyir Mirzayevning aytganlari esa garchi hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmasa-da, hozircha o‘sha tabiblarning biznesiga suv purkayotgandek, taassurot uyg‘otadi.
O‘zbekistonda saratonga chalinish holatlarining aniq soni haqida ma’lumot berilmaydi. Google qidiruv portaliga “O‘zbekistonda saraton” so‘rovini kiritsangiz, saratonga oid ma’lumotlardan ko‘ra, uni davolaydigan xususiy klinikalarning reklamasi chiqib keladi. Imkon topgan o‘zbekistonliklar saratonni davolash uchun Turkiya, Hindiston, Germaniya kabi davlatlarga murojaat qilishga odatlangan. Qozog‘iston ham Markaziy Osiyoda bu borada ustunlikka ega.
Joriy yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonda 12075 kishi saratondan vafot etgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, o‘simtalar sabab 2024 yilda 8139 ayol vafot etgan. Bu o‘n yil avvalgi raqamlarga solishtirganda 1272 taga ko‘p.
Jizzaxda IIB xodimi bedarak yo‘qoldi
Jizzax viloyatining Zafarobod tumani IIB PPX va JTSB xodimi Mamayusuf Rahmatullayev bedarak yo‘qoldi. U 27 oktyabr kuni ertalab ishga ketgan, shundan keyin uyiga qaytmagan. Olib borilayotgan qidiruv ishlariga qaramay, u hamon topilmagan.
U bedarak ketganidan qariyb uch hafta o‘tib, Zafarobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Namanganda yo‘l-transport hodisasida 28 yoshli yo‘l-patrul xizmati xodimi vafot etdi.
Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 18 yoshli shaxs Onix avtomobilini katta tezlikda boshqarib kelayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishdagi avtomobilni noto‘g‘ri quvib o‘tayotganida oldindagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda Navoiy viloyati Yo‘l-patrul xizmati xodimi Doniyor Nurilloyev og‘ir tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangi Namangan tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorijda o‘zbek fuqarolari nega ushlangani aytildi
Xalqaro terroristik tashkilotlarga aloqadorligi uchun 25 yildan ortiq qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi xorijda ushlanib, mamlakatga olib kelindi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan. Qo‘lga olingan shaxs diniy-ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgani aniq bo‘lgan. 1999 yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan hamda Afg‘oniston, Pokiston va Suriya davlatlari hududlaridagi xalqaro terroristik tashkilotlar safida jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
Boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida yashirinib yurgan kishi esa MDHga a’zo davlatlardan birida qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 154- (yollanish), 155- (terrorizm), 159- (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tugayotgan haftada Birlashgan Arab Amirliklaridan Interpol kanallari orqali og‘ir jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan 3 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.
Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, olib kelingan shaxslar O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mamlakat hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarga oid ayblovlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan.
Rossiyada migrant o‘ldirib, ko‘mib qo‘yildi
Xorijdagi o‘zbekistonliklardan uzoqlashmaymiz. Rossiyaning Vladimir viloyatidagi qishloqda 54 yoshli o‘zbekistonlik migrant tanishi tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi.
Hududiy tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyida marhumning qarindoshi u bedarak yo‘qolgani haqida politsiyaga murojaat qilgan. Aniqlanishicha, 16 noyabr kuni o‘sha erkak 48 yoshli mahalliy ayolning uyiga borgan. Ular spirtli ichimlik iste’mol qilgach, janjal chiqqan. Ayol erkakni itargan, u polga yiqilganida esa uni arqon bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Ayol jinoyat izlarini yashirish uchun jasadni hovlisidagi olma daraxti ostiga ko‘mib qo‘ygan.
O‘ldirilgan erkak Rossiyada uzoq yillar yashab, temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonada ishlagan. Ayol va erkak o‘rtasidagi kelishmovchilik pul sababli chiqqan: erkak ayolning avval olgan qarzini talab qilgan, ayol esa yana pul so‘ragan. Jinoyatdan so‘ng gumondor ayol uning telefoni va bank kartasini ham o‘zlashtirgan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida daliliy ashyo topilgan. Shuningdek, ayolning avval ham narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangani aniqlangan.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘ladimi?
Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning bu hafta e’lon qilishicha, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Rossiya bilan muzokaralar deyarli yakunlandi. Oldinda esa faqat Tayvan bilan muloqot qilish turibdi.
Gap shundaki, Moskvada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha Rossiya muzokara guruhi bilan kelishuvga erishish uchun samarali uchrashuv o‘tkazilgan. Urunovga ko‘ra, muzokaralar deyarli yakunlandi: barcha asosiy elementlar kelishib olindi va faqat bir nechta texnik jihatlar yakuniy tekshirish va tasdiqlashni talab qiladi.
Hammasini dekabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tadigan Jahon savdo tashkiloti Bosh kengashi yig‘ilishida Rossiya tomoni bilan yakuniy natijaga erishish hal qiladi. Endi O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha qolgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash uchun faqat Xitoy Taybeyi, ya’ni O‘zbekiston tomonidan tan olinmagan Tayvan bilan muloqot qilinishi kerak.
O‘zbekiston Tayvanni tan olmaydi va Yagona Xitoy pozitsiyasiga sodiq. Hatto Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Ining o‘tgan hafta Dushanbe, Bishkek va Toshkentga qilgan safarida ham ushbu masala ochiq muhokama qilingan.
“Men uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlarini Xitoyning Tayvan masalasidagi prinsipal pozitsiyasi bilan tanishtirdim va Yaponiyaning hozirgi rahbariyatining mamlakatimiz asosiy manfaatlariga ochiqchasiga tajovuz qilayotgan va Ikkinchi Jahon urushidan keyin o‘rnatilgan xalqaro tartibni shubha ostiga qo‘yayotgan xato so‘zlari hamda harakatlarini fosh qildim”, deydi Van I.
Van Ining qayd etishicha, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston “yagona Xitoy” tamoyilini va Pekinning oxir-oqibat Xitoyning materik qismini Tayvan bilan birlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Van I uch mamlakat tashqi ishlar vazirlarining bunday ochiq qo‘llab-quvvatlashi “o‘z vaqtida” ekanligini bildirarkan, Xitoy rasmiylari ham bu mamlakatlarning ichki ishlariga aralashishga qarshiligi va hech qanday shaxslar yoki kuchlarning u yerda nizo va beqarorlik keltirib chiqarishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.
O‘zbekiston tomoni “yagona Xitoy” tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, “Tayvan mustaqilligi”ning har qanday shakliga qarshi chiqadi va Xitoy hukumatining Xitoyni birlashtirishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘zbekistonning “Tayvan mustaqilligi”ga qarshi chiqishi uning Jahon savdo tashkilotiga a’zolik borasidagi harakatlariga ta’sir ko‘rsatmaydimi? Har holda so‘nggi kelishuv aynan Taybey bilan.
Aslida bu bayonotlarning har biriga yetarli asos bor. Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik Sanae Takaiti joriy yilning 7 noyabr kuni parlament muhokamasi paytida Tayvan yaqinidagi mumkin bo‘lgan harbiy inqiroz “mavjudlik tahdidi”ni keltirib chiqarishi va Yaponiyani “kollektiv o‘zini himoya qilish huquqidan” foydalanishga majbur qilishi mumkinligini aytganidan keyin kuchaydi. Bu Pekinda kuchli norozilikni keltirib chiqardi va Tokioga jiddiy ogohlantirish berdi. Osakadagi Xitoy bosh konsuli Syue Szyan o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi X (sobiq Twitter) akkauntida Yaponiya Bosh vazirining “boshini kesib tashlash” bilan tahdid qildi, ammo keyinchalik post o‘chirildi. Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarini Yaponiyaga sayohat qilishdan ogohlantirdi.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva esa tugayotgan haftada Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi janob Kenji Xirata bilan uchrashib, O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik masalasini muhokama qilgan.
Aytish o‘rinliki, joriy yilning avgust oyida Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya O‘zbekistonga kelib, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi. O‘shanda Toshkentda ilk bor oliy darajadagi hamkorlikning yangi formati – Yaponiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti boshlangani e’lon qilindi.
Suv o‘rniga “svet”: O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan kelishib oldi
Yegan og‘iz uyalar, deganlaridek O‘zbekiston Qirg‘izistondan suv olish evaziga unga elektr energiyasi yetkazib berishga rozilik bildirdi. Olmaota shahrida o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishida suv-energetika sohasidagi hamkorlik parametrlari va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi To‘xtagul suvomboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilgan.
Bunda Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi. Bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtagul suvomborida suv to‘plash imkonini beradi. Jamg‘arilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, mintaqada iste’molni kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
Chang chekindi-mi?
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, hozirgi daqiqalargacha ekologiya masalasi, Toshkentdagi xavotirli vaziyat haqida miq etmadim. Chunki, buyog‘iga vaziyatni kuzatish kerak. Toshkentda havo o‘tgan haftadagiga nisbatan biroz bo‘lsa-da yaxshi tomonga o‘zgardi. Prezident nazoratni o‘z qo‘liga oldi, kechiktirib bo‘lmaydigan choralar bo‘yicha farmon imzoladi, maxsus komissiya tuzildi, qurilishlar, issiqxonalar ustidan nazorat kuchaytirildi. Issiqxonalarni gazlashtirish boshlandi. Hatto, juma namozidan keyin yomg‘ir so‘rab ibodat qilindi. Endi esa natijani kutish, o‘zgarishlar jarayoniga hissa qo‘shish qoldi, xolos.
Live
Barchasi