Urush tugadi: AQSH va Eron kelishib oldi
Olam
−
08:40 8465 2 daqiqa
AQSH va Eron o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishildi. Bu haqda Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar barcha yo‘nalishlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni zudlik bilan va yakuniy to‘xtatishga kelishib olgan.
Shahboz Sharifning aytishicha, kelishuvni rasmiy imzolash marosimi 19 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tadi. Muzokaralarda vositachilik qilgan Pokiston AQSH va Eronga, shuningdek, jarayonda ishtirok etgan Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiyaga minnatdorlik bildirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eron bilan kelishuv yakunlanganini e’lon qilgan.
“Barchani tabriklayman! Men Hormuz bo‘g‘ozini boj va cheklovlarsiz ochishga hamda AQSH harbiy-dengiz kuchlari tomonidan o‘rnatilgan dengiz blokadasini darhol bekor qilishga ruxsat berdim. Dunyo kemalari, dvigatellaringizni ishga tushiring. Neft oqimi davom etsin”, deya yozgan Tramp.
Keyinchalik u jurnalistlarga Hormuz bo‘g‘ozi Eron bilan kelishuv rasmiy imzolanganidan keyin ochilishini ma’lum qilgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham davlat televideniyesiga bergan intervyusida AQSH bilan kelishuv matni yakunlanganini va u 19 iyun kuni Shveysariyada imzolanishini tasdiqlagan.
Uning ta’kidlashicha, kelishuvdan so‘ng 60 kun davomida yakuniy tinchlik shartnomasini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. Shu davrda Eron memorandum shartlari bajarilishini qat’iy nazorat qilib boradi.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Jenevadagi imzolash marosimida qatnashishni rejalashtirayotganini, biroq u yerga Prezidentning o‘zi ham borishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot chog‘ida uning Bayrutga bergan zarbasidan keskin norozilik bildirganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi