AQSH va Suriya ISHID omborlariga zarba berdi
Olam
−
01 dekabr 2779 2 daqiqa
AQSH harbiylari suriyalik hamkasblari bilan birgalikda Suriyada joylashgan “Iroq va Shom islom davlati”ning (ISHID) yashirin omborlarini yo‘q qildi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) va Suriya Ichki ishlar vazirligi 24–27 noyabr kunlari Janubiy Suriyaning Rif-Damashq provinsiyasidagi 15 ta joyga havo va yer hujumlarini amalga oshirgan.
CENTCOM’ning xabar berishicha, natijada 130 dan ortiq minomyot va raketalar, bir nechta avtomat qurollar, pulemyotlar, tankka qarshi minalar va uy sharoitida tayyorlanadigan portlovchi qurilmalar uchun materiallar yo‘q qilingan. Shuningdek, AQSH va Suriya kuchlari bir nechta narkotik partiyalarini ham topib, yo‘q qilgan.
“Ushbu muvaffaqiyatli operatsiya ISHIDga qarshi erishilgan yutuqlarni uzoq muddatli qilishni kafolatlaydi va guruhning terror hujumlarini qayta boshlash yoki ularni AQSH va butun dunyoga ko‘chirish imkoniyatini bartaraf etadi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning 10 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi. Shu kuni Suriya Damashq AQSH yetakchiligidagi ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgan.
Tramp ash-Sharani “juda kuchli lider” va “qattiq yigit” deb atagan va ular o‘rtasida yaxshi aloqalar o‘rnatilganini bildirgan.
Qayd etish joiz, 2014 yilda ISHID Suriya va qo‘shni Iroqda keng hududlarni egallagan edi. Hozirgi kunga kelib, u AQSH va ularning ittifoqchilari tomonidan harbiy jihatdan mag‘lub etilgan hisoblanadi. Shunga qaramay, taxminan 2,5 ming ISHID jangchisi hali ham Iroq va Suriyada yashirinib, terror hujumlarini amalga oshirishda davom etmoqda.
Live
Barchasi