Sud Guljahon Yo‘ldoshevaga tayinlangan ehtiyot chorasini o‘zgarishsiz qoldirdi
Jamiyat
−
04 dekabr 2020
9065Guljahon Yo‘ldoshevaning sudi: Marhumning rafiqasi Yo‘ldoshevaga yengillik berilishiga qarshi chiqdi
Biroz avval, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida ko‘rib chiqilayotgani, Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Axrorov suddan mijoziga yengillik berishini va unga nisbatan tayinlangan uy qamog‘i ehtiyot chorasini o‘zgartirishini so‘ragani haqida xabar bergan edik.
Sudya Sunnatilla Avlokulov raisligidagi hay’at Yo‘ldoshevaning advokati iltimosnomasi bo‘yicha maslahatlashuvdan keyin ajrimni e’lon qildi.
Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva, Alisher Dadamatov va Jannat Hakimovalarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalar bilan, Shermamat Ro‘zmetov hamda Jahongir Ziyodullayevlarga esa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan ayblov e’lon qilingan.
Sudda iltimosnomada advokat Xushnud Axrorov sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishtirilmagani, tergov organi tomonidan rus tilida ayblov xulosasini taqdim etish so‘ralganida, uning talabi qanoatlantirilmaganini ta’kidladi. Advokat, shuningdek, tergov organi tomonidan sudlanuvchilar Shernazar Ro‘zmetov va Jahongir Ziyodullayevga nisbatan garov, boshqa sudlanuvchilarning yana biriga munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat ehtiyot chorasi, sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldoshevaga esa tenglik prinsipi talabi qo‘pol ravishda buzilib, uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilganini bayon qilgan.
Advokat sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldoshevaning ish hujjatlari bilan tanishib, tergov organi tomonidan rus tilida yozilgan ayblov xulosasini taqdim etilishini ta’minlash, shuningdek, Guljahon Yo‘ldoshevaning qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, COVID-19 kasalligiga chalingach, salomatligi to‘liq yaxshilanmagani, unga nisbatan ehtiyot chorasi talablaridan kelib chiqib, og‘ir cheklovlar belgilangani, ushbu holat kelgusida sudlanuvchining sudga kelmay qolishiga sabab bo‘lishi ehtimoli ham borligini inobatga olib, mijoziga qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxatga o‘zgartirishni so‘radi.
Avvalroq jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining joriy yil 14 sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining joriy yil 9 avgustdagi o‘zgarishsiz qoldirilgan ajrimiga ko‘ra, sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining joriy yil 6 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, sudlanuvchining 6 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, doimiy yashash joyiga ega ekani, pandemiya davrida respublika hududidan chiqib ketishi hamda tergov va suddan yashirinishi mumkin emasligi e’tiborga olinib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgani ma’lumot uchun aytib o‘tildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining joriy yil 12 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilib, Guljahon Yo‘ldosheva va uning advokati Xushnud Axrorovning apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan.
Sudga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 2421-moddasida uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi bayon qilingan bo‘lib, unga ko‘ra o‘ziga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxsga quyidagi taqiqlar qo‘llanilishi mumkin, deb ko‘rsatilgan:
• muayyan shaxslar bilan aloqada bo‘lish;
• xat xabar olish va jo‘natish;
• har qanday aloqa vositalaridan foydalanish va ular yordamida so‘zlashuvlar olib borish;
• uy-joyni tark etish kabi cheklovlar o‘rnatilishi hamda zarur hollarda uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxsga nisbatan elektron kuzatish vositalari qo‘llanilishi.
Sud iltimosnoma yuzasidan taraflar fikrini tinglab, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining joriy yil 6 oktyabrdagi ajrimiga ko‘ra, Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar iltimosnomada keltirilganidek, og‘ir cheklovlar emas, balki qonuniy talabga ko‘ra o‘rnatilgan deb hisobladi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 2421-moddasida ko‘rsatilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxsga nisbatan belgilanishi mumkin bo‘lgan taqiqlar ekani, sudlanuvchiga nisbatan tergov organi tomonidan uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgani haqida ayblov e’lon qilingani, farzandlariga yoxud uning o‘ziga nisbatan tibbiy yordam zarur bo‘lgan hollarda tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilish orqali murojaat qilib, malakali tibbiy yordam olish imkoniyati va turmush o‘rtog‘ining ko‘magida farzandlarini tez tibbiy yordam bo‘limiga tezda yetkazish imkoniyati borligi, ish bo‘yicha tergov organi tomonidan sudlanuvchilarning shaxsi, ularning moddiy imkoniyatlari inobatga olingan holda ehtiyot choralari tanlangani holati tenglik prinsipi buzilishi sifatida e’tirof etilmasligi inobatga olingan. Shu sababli, Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lishi haqida tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirish uchun asoslar aniqlanmagani sababli iltimosnomaning ehtiyot chorasini o‘zgartirish bilan bog‘liq qismini rad etdi.
Bundan tashqari, sud sud majlisini boshqa kunga qoldirib, fuqarolarning sarson-sargardon bo‘lishining oldini olish maqsadida amalga oshirgan harakatlari natijasida Guljahon Yo‘ldoshevaga joriy yilning 1 dekabr kuni rus tilida ayblov xulosasini topshirgan va u jinoyat ishi hujjatlari bilan to‘liq tanishib, undan to‘liq ko‘chirma nusxalar olinganini ma’lum qildi. Ushbu holatlar uning o‘zi tomonidan yozilgan va ish hujjatlariga qo‘shilgan tilxatlar bilan ham tasdiqlangani sababli advokat Xushnud Axrorov tomonidan berilgan iltimosnomaning Guljahon Yo‘ldoshevaning jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishtirib, unga rus tilidagi ayblov xulosasini topshirish qismi qanoatlantirilmadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 4979-moddasida sud muhokamasi chog‘ida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, jarayon ishtirokchilarining iltimosnomalariga ehtiyot chorasini tanlash, uni o‘zgartirish yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga oid ajrimlar ustidan mazkur moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyatlar berish va protestlar bildirish mumkin emas. Bularga qarshi e’tirozlar apellyatsiya shikoyati yoxud apellyatsiya protestiga kiritilishi mumkin, deb ko‘rsatilgan.
Yuqoridagilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 423-moddasiga asosan sud ajrim qildi.
Ajrimga ko‘ra, Advokat Xushnud Axrorov tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi va boshqa moddalari bilan ayb e’lon qilingan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi iltimosnoma asossiz bo‘lgani sababli rad etildi. Mazkur iltimosnomaning sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldoshevaga rus tilida ayblov xulosasining topshirilishi va sudlanuvchini jinoyat ishi hujjatlari bilan to‘liq tanishib chiqishini ta’minlash haqidagi qismi qanoatlantirilgani inobatga olindi.
Shuningdek, sud ajrimdan norozi taraflar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 4979-moddasi tartibida ish yuzasidan apellyatsiya shikoyati yoxud apellyatsiya prostesti kiritilishi chog‘ida xususiy shikoyat, prokuror esa protest kiritishi mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Guljahon Yo‘ldoshevaga belgilangan uy qamog‘i ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxatga o‘zgartirilishiga Chirchiq shahar prokurorlari va Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib, so‘ng viloyat Ruhiy-asab kasalliklari dispanserida vafot etgan Farrux Rustamovning bevasi Kamola Rustamova qarshi chiqdi.
Ushbu jinoiy ish bo‘yicha keyingi sud majlisi joriy yilning 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi