Fojia va klip. Ayb kimda?

Jamiyat

Ozoda Nursaidovaning klipidagi fojiaviy YTH haqida 4 oy o‘tib rasmiy ma’lumot berildi north_east

Ozoda Nursaidovaning klipidagi fojiaviy YTH haqida 4 oy o‘tib rasmiy ma’lumot berildi

Avvalroq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovaning qo‘shig‘i uchun klip sur’atga olish jarayonida aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgani, shundan so‘ng u yordam so‘rab post qoldirgani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan xonandaning o‘zi tushuntirish berdi.

Ozoda Nursaidova uning klipi s’yomkasi davomida bunday hodisa ro‘y berganini tan oldi va voqea sodir bo‘lganda suratga olish maydonchasida bo‘lmagani, voqea haqida o‘zi ham telefon qo‘ng‘irog‘i orqali xabar topganini aytdi.

“Klipni s’yomka qilish jarayoni qanday bo‘lishi haqida bir narsani aytib o‘tishim kerak. Xonanda buyurtmachi. Suratga olish guruhi yig‘iladi. Har bir odamning o‘z vazifasi bor. S’yomka qilinadi. San’atkorga beriladi. Jarayonda qatnashgan har bir odam uchun, aktrisa bo‘lsin, “mossovka” bo‘lsin, texnik guruh bo‘lsin, ularning xavfsizligi uchun men javob bermayman”, dedi Nursaidova.

Shuningdek, u aktrisaga yordam ko‘rsatilgani va shu kungacha shaxsan o‘zi tomonidan yordam ko‘rsatilib kelinayotganini aytdi. 

“Mayli, minnat bo‘lmasin, mening administratorim bir oy davomida Sabrinaning uyida deyarli yashadi. Bir oy yashadi. Shifoxonada hamma yordam ko‘rsatildi. Nafaqat men, balki butun suratga olish guruhi tomonidan. Hamma qo‘lidan kelgancha yordam qildi”, dedi Ozoda Nursaidova.

Xonanda aktrisa Sabrina Jabborovaning operatsiyasi noto‘g‘ri qilingani va buning oqibatida uning bir oyog‘i kalta bo‘lib qolgani haqidagi gapni ham birinchi marta eshitayotganini ta’kidlagan.

“Yanvar oyida Sabrina turib, s’yomkalarga borayotganini eshitib xursand bo‘ldik. Yangi yilda ham borib tabriklab kelishdi. Biz Sabrina oyoqqa turibdi deb xursand bo‘ldik. Mart oyida ham  Sabrinaga beriladigan yordamni berib kelishdi. Bunday gap yo‘q edi. Mana kecha yashin tezligida bunaqa ma’lumot tarqalyapti”, deydi Nursaidova.

Shu bilan birga, xonanda bu yerda aytilmayotgan boshqa bir vajlar, tafsilotlar va aralashib qolayotgan kuchlar borligini aytdi. U bular haqida kelgusi bir chiqishida aytishi yoki tergovga ma’lum qilishini bildirdi. 

“Albatta, bo‘lgan voqeadan juda ham afsusdaman. Yaxshi ish bo‘lmadi. Baxtsiz voqea bo‘lishidan qat’i nazar hech bir onaga ko‘rsatmasin farzandini bu holda ko‘rishni. O‘ylaymanki, bu narsaga adolat tarafdan yondashiladi. Har bir odam noto‘g‘ri ishi uchun jazosini oladi”, dedi Nursaidova.

Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi aktrisaning murojaatida mashinaning g‘ildiraklari uning ustidan ikki marta o‘tib ketgani, voqea oqibatida  tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgani aytiladi. Shuningdek, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingani, biroq jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani oqibatida uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogiron bo‘lib qolgani bildirilgan.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni to‘g‘rilash kerakligi, bunday operatsiyalar juda kamdan kam holatlarda muvaffaqiyatli o‘tishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida “filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi” uchun jarima sifatida 500 dollar to‘lab turgan.

Mazkur hodisa bo‘yicha ish sudga oshirilgan, lekin hali sud jarayoni boshlanmagan. Aktrisa tergovchi unga ish materiallarini taqdim qilmaganini aytgan. Shuningdek, u normal yurish qobiliyatini tiklash uchun chet elda takroriy operatsiya o‘tkazishi kerakligini aytgan va jamoatchilikdan yordam so‘ragan.

Oradan ko‘p o‘tmay Ozoda Nursaidovaning o‘sha klipida ishlagan ijodiy jamoa mazkur vaziyatga izoh berib, aktrisa va uning yaqinlari ulardan uy va mashina talab qilayotganini aytib chiqdi.

4 oy mobaynida mazkur yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida lom-mim demay kelayotgan Toshkent shahar IIBB aktrisaning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan keyin YTH haqida axborot berib, 2024 yilning 7 noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida haydovchi voyaga yetmagan 2008 yilda tug‘ilgan S.P. Mercedes Benz rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborganini ma’lum qildi.

Bildirilishicha, jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro Sh.E.ning holati og‘irlik darajasi bo‘yicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa “og‘ir” tan jarohati deb baholangan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozoda Nursaidova Sabrina Jabborova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing