Ozoda Nursaidovaning klipidagi fojiaviy YTH haqida 4 oy o‘tib rasmiy ma’lumot berildi
3-sahifa
−
12 mart
24304Avvalroq, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovaning qo‘shig‘i uchun klip sur’atga olish jarayonida aktrisa Sabrina Jabborovani avtomobil bosib ketgani, shundan so‘ng u yordam so‘rab post qoldirgani xabar qilingandi. Mazkur holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng 2024 yil 7 noyabrda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida kecha, 11 mart kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan rasmiy ma’lumot berildi.
“2024 yilning 7 noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida, haydovchi voyaga yetmagan, 2008 yilda tug‘ilgan S.P. Mercedes Benz rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborgan”, deyiladi rasmiy xabarda.
Bildirilishicha, jabrlanuvchilar shifoxonaga olib borilgan. Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro Sh.E.ning holati og‘irlik darajasi bo‘yicha yengil tan jarohati, fuqaro J.S. esa “og‘ir” tan jarohati deb baholangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Hozirda dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, tegishli tartibda sudga yuborish chorasi ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joizki, mazkur fojiaviy yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganiga mana 4 oy bo‘libdiki, na Toshkent shahar IIBB, na YHXB bu haqda ma’lumot bermay, hodisani jamoatchilikdan yashirib kelayotgan edi. Jabrlanuvchining yordam so‘rab murojaat qilishi internet tarmog‘ida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgachgina IIBB rasmiy ma’lumot e’lon qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi aktrisaning murojaatida mashinaning g‘ildiraklari uning ustidan ikki marta o‘tib ketgani, voqea oqibatida tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgani aytiladi. Shuningdek, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingani, biroq jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani oqibatida uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogiron bo‘lib qolgani bildirilgan.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni to‘g‘rilash kerakligi, bunday operatsiyalar juda kamdan kam holatlarda muvaffaqiyatli o‘tishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida “filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi” uchun jarima sifatida 500 dollar to‘lab turgan.
Mazkur hodisa bo‘yicha ish sudga oshirilgan, lekin hali sud jarayoni boshlanmagan. Aktrisa tergovchi unga ish materiallarini taqdim qilmaganini aytgan. Shuningdek, u normal yurish qobiliyatini tiklash uchun chet elda takroriy operatsiya o‘tkazishi kerakligini aytgan va jamoatchilikdan yordam so‘ragan.
Oradan ko‘p o‘tmay Ozoda Nursaidovaning o‘sha klipida ishlagan ijodiy jamoa mazkur vaziyatga izoh berib, aktrisa va uning yaqinlari ulardan uy va mashina talab qilayotganini aytib chiqdi.
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart