Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Sabrina Jabborova Turkiyada operatsiya qilinadigan bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidovaning “Dilbarim” qo‘shig‘iga klip suratga olish jarayonida avtomobil urib ketgan 22 yoshli aktrisa Sabrina Jabborova Turkiyada operatsiya qilinadigan bo‘ldi. Bu haqda aktrisa o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan videoda xonandalar Ozoda Nursaidova va Munisa Rizayeva Sabrina bilan uchrashgani aks etgan. 

“Uch kundan beri butun O‘zbekiston xalqi men uchun qayg‘urib, davolanishim uchun kartamga pul tashlayapti. Buning uchun xalqimga katta rahmat demoqchiman. Ertaga onam bilan Turkiyaga uchib ketyapmiz. U yerda turkiyalik professor meni operatsiya qiladi. Borib ko‘rikdan o‘tganimizdan so‘ng ular qancha pul ketishini menga aytishadi. Hamma xarajatlar sizlar tashlagan pullar evaziga qilinyapti”, deydi Sabrina Jabborova.

Ozoda Nursaidova esa ko‘p narsadan bexabar bo‘lgani uchun Sabrinadan uzr so‘ragan. 

“Shu kungacha ko‘p narsadan mening xabarim yo‘q edi. Operatsiyadan keyin oyog‘i 7 santimetrga kalta bo‘lib qolganini men internetga video chiqqanidan keyin bildim. Men to‘g‘risi reabilitatsiya bo‘lyapti, deb xursand bo‘lganman. Bilaman, bu meni oqlaydigan vaziyat emas. Mana hozir kelib, Sabrinani ko‘rdim, vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmaganim uchun Sabrinadan uzr so‘rayman. Uni endilikda 2-3 bosqichli operatsiya qilish kerak ekan. Xalqimizga Sabrinaning sog‘lig‘iga befarq bo‘lmagani uchun katta rahmat deyman. O‘ylaymanki, mushkul operatsiyadan Sabrina eson-omon o‘tvoladi”, deydi Ozoda Nursaidova. 

O‘z navbatida, Munisa Rizayeva aktrisa uchun Turkiyadan shifokor izlash jarayoni qanday bo‘lgani haqida gapirgan. 

“Turkiyada ko‘p vrachlar olmaymiz dedi, lekin bir professor olib kelinglar dedi. Shundan so‘ng biz Sabrinaning karta raqamini o‘z sahifalarimizda tarqatdik. Juda ko‘p insonlar kartaga qo‘llaridan kelganicha pul tashlashyapti. Kartada hozir yaxshigina summa yig‘ildi. O‘sha pullardan biz Turkiyaga aviachipta oldik, Istanbuldan uy ijaraga oldik, shifokorlarni gaplashdik. Agar yana Sabrinaga kimdir homiylik qilib, yordam bermoqchi bo‘lsa, biz xursand bo‘lardik”, deydi Munisa Rizayeva.

Eslatib o‘tamiz, jabrlanuvchi aktrisaning murojaatida mashinaning g‘ildiraklari uning ustidan ikki marta o‘tib ketgani, voqea oqibatida  tos suyagi singan, boshqa a’zolari og‘ir jarohat olgani aytiladi. Shuningdek, 9 soatlik operatsiyadan so‘ng bemorning hayoti saqlab qolingani, biroq jarrohlik amaliyoti noto‘g‘ri bajarilgani oqibatida uning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan 7 sm uzunroq bo‘lib, qiz nogiron bo‘lib qolgani bildirilgan.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda shifokorlar qizning salomatligini tiklash uchun uning tos suyagini sindirib, suyaklarni to‘g‘rilash kerakligi, bunday operatsiyalar juda kamdan kam holatlarda muvaffaqiyatli o‘tishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suratga olish tashkilotchilari va boshqa aybdor shaxslar jabrlanuvchiga yetarlicha yordam ko‘rsatmagan. Faqatgina 4 oy davomida “filmni suratga olishda texnik qoidalarni buzganligi” uchun jarima sifatida 500 dollar to‘lab turgan.

Mazkur hodisa bo‘yicha ish sudga oshirilgan, lekin hali sud jarayoni boshlanmagan. Aktrisa tergovchi unga ish materiallarini taqdim qilmaganini aytgan. Shuningdek, u normal yurish qobiliyatini tiklash uchun chet elda takroriy operatsiya o‘tkazishi kerakligini aytgan va jamoatchilikdan yordam so‘ragan.

Oradan ko‘p o‘tmay Ozoda Nursaidovaning o‘sha klipida ishlagan ijodiy jamoa mazkur vaziyatga izoh berib, aktrisa va uning yaqinlari ulardan uy va mashina talab qilayotganini aytib chiqdi.

4 oy mobaynida mazkur yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani haqida lom-mim demay kelayotgan Toshkent shahar IIBB aktrisaning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan keyin YTH haqida axborot berib, 2024 yilning 7 noyabr kuni soat taxminan 13:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan avtoturargohlarning birida haydovchi voyaga yetmagan 2008 yilda tug‘ilgan S.P. Mercedes Benz rusumli avtomashinada harakatlanib, 2 nafar piyodani (2003 yilda tug‘ilgan J.S. va 2006 yilda tug‘ilgan Sh.E.) urib yuborganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Sabrina Jabborova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing