Vazir Hilola Umarova “Open budget” masalasida ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
12 mart
59008Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilarni “Tashabbusli byudjet” doirasida ovoz yig‘ishga majburlamaslikka va bunday holat yuz bergan taqdirda o‘qituvchilarni vazirlikka xabar berishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Unga ko‘ra, oxirgi yillarda maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini o‘z faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz “yig‘di-yig‘di”larga qarshi kurashilyapti, bu masalada murojaatlar soni avvalgilariga nisbatan ancha kamaygan. Lekin tizimda ba’zan jamoaga noto‘g‘ri talablar qo‘yayotgan, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish topshiriqlarini berayotgan, bir so‘z bilan aytganda hamon eskicha fikrlayotgan mas’ullar ham uchrab turibdi.
Bildirilishicha, yaqinda Quva tumanidagi maktablarning birida o‘qituvchilarning oylik maoshidan “Open budget”da ovoz yig‘ish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolishni talab qilgan direktor bilan mehnat shartnomasini bekor qilingan.
Kecha, 11 mart kuni “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun ovoz berish bosqichi boshlandi.
“Bu loyiha qisqa muddatda ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilishi bilan e’tiborga tushdi. Bu ijobiy islohotlarga o‘qituvchi, ta’lim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yig‘ishlar bilan soya solmaylik. Yana bir bor eslatmoqchiman, pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz. Hurmatli pedagoglar agar siz shu kabi holatlarga duch kelsangiz vazirlikka murojaat qiling, biz har bir holatni o‘rganamiz, o‘qituvchi va MTT xodimlari manfaatini himoya qilamiz!” deb yozdi vazir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Buxoro viloyatining Romitan tumanida o‘qituvchilarni “Tashabbusli byudjet” loyihasiga ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori 34 million so‘m jarimaga tortilgan edi. Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha Romitan tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarini lavozim yo‘riqnomasiga kirmaydigan “Tashabbusli byudjet” loyihasiga ovoz yig‘ishga majburan jalb qilgani aniqlangan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan BHMning 100 baravari — 34 milliy so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
LiveBarchasi