“Open budget”ning 1-mavsumi uchun 21 mingdan ortiq loyiha kiritildi
Jamiyat
−
21 fevral 1569 1 daqiqa
Bugun, 21 fevraldan “Tashabbusli byudjet”ning 2026 yilgi birinchi mavsumi uchun loyiha kiritish bosqichi rasman yakunlandi. Bu haqda Moliya va iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.
Mazkur jarayon 1 fevral kuni boshlangan bo‘lib, 20 fevralga qadar davom etdi. Ushbu davr mobaynida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha taklifi taqdim etilgan.
Endilikda jarayonning navbatdagi bosqichi – loyihalarni saralash ishlari boshlanadi. Ushbu bosqich 21 fevraldan 7 martga qadar davom etadi. Saralash jarayonida taqdim etilgan tashabbuslarning belgilangan mezon va talablarga muvofiqligi va amalga oshirish imkoniyati o‘rganiladi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan loyihalar keyingi bosqich – ovoz berish jarayoniga qo‘yiladi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan tashabbuslar moliyalashtiriladi va amaliyotga joriy etiladi.
“Tashabbusli byudjet” dasturi aholi faolligini oshirish, hududlardagi muammolarni bevosita fuqarolar ishtirokida hal etish hamda budjet mablag‘laridan foydalanishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning mart oyidan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida ovoz berishda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida “bir fuqaro – bir ovoz” tizimi joriy etilgan. Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ovoz berish jarayonida fuqarolarni identifikatsiya qilish hamda bir fuqaro tomonidan berilgan bitta ovozni qabul qilish tizimi joriy etiladi.
Live
Barchasi