Prezident Andijonda 2 mlrd dollarlik loyihalarni ishga tushirdi
Jamiyat
−
14:28 552 2 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olingan. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirilgan, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlangan.

Ushbu loyihalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.

Xususan, paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek, zamonaviy ta’lim va tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSH, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Ularning ro‘yobga chiqarilishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanadi.

Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mas’ullar, xorijlik hamkorlar va tashabbuskorlar videoaloqa orqali ishtirok etgan. Ular loyihalarning ahamiyati, amalga oshirish jarayoni va ishga tushirish muddatlari haqida axborot bergan.

Davlat rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va mahalliy tadbirkorlarga minnatdorlik bildirgan.
Prezident ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirgan va 108 ta ob’ekt qurilishiga start bergan. Shundan so‘ng investorlar va hudud faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tgan.
Live
Barchasi