Guljahon Yo‘ldoshevaning sudi: Marhumning rafiqasi Yo‘ldoshevaga yengillik berilishiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
04 dekabr 2020
32398Joriy yilning 27 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘iycha Chirchiq shahar sudida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori lavozimida ishlagan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha sud majlisi boshlangan edi. Bugun, 4 dekabr kuni ushbu sudning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova sud zalidan xabar bermoqda.
6 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudining qarori bilan Guljahon Yo‘ldoshevaga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan va unga bir qator cheklovlar – uydan chiqmaslik, begona shaxslar bilan muloqotda bo‘lmaslik, telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaslik belgilangan edi.
Bugun, 4 dekabr kuni o‘tayotgan sud majlisida Yo‘ldosheva o‘ziga belgilangan uy qamog‘i ehtiyot chorasining shartlarini yengillashtirishni so‘radi va bunga bir qator sabablarni keltirdi.
U bir necha kun avval kenja farzandi pnevmoniya bilan kasallangani, uy qamog‘ining keskin shartlari sabab tez tibbiy yordamga murojaat qilishi uchun ham tergovchidan ruxsat olishi kerak bo‘lgani, tez tibbiy yordam uyga kelgach, bolani va uni shifoxonaga olib ketishi kerak bo‘lgani, bola bilan borishi uchun esa mahalla profilaktika inspektorining ishtiroki kerakligi, o‘sha kuni profilaktika inspektorini ancha kutib qolgani va bu orada 4 soat vaqt yo‘qotilganini ma’lum qildi. U bugungi kunda, hatto, bolalarni sayrga olib chiqish uchun ham ruxsat yo‘qligini, turmush o‘rtog‘i esa ertalabdan kechgacha ishda ekanligini qo‘shimcha qildi.
Sudda so‘zga chiqqan Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Axrorov mijoziga yengillik berilishini so‘radi.
“Ularning 6 nafar farzandlari bor. Kattasi 12, kenjasi 2 yoshda. Bundan tashqari, tergov hibsxonasida saqlanish chog‘ida va koronavirus xastaligini boshdan o‘tkazgani bois hozir salomatliklari jiddiy yomonlashgan. Bu esa sudda ishtirok etishlariga moyillik qilishi mumkin. Shu bois ularga qo‘llanilgan ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat bilan o‘zgartirishingizni so‘rayman”, deydi advokat.
Sud Guljahon Yo‘ldoshevaning iltimosi yuzadan davlat ayblovchilari – prokurorlarning fikrlariga ham quloq tutdi.
“2020 yilning 9 sentyabr kuni Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 6 oktyabr kuni ushbu ehtiyot chorasi uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan. Hozirda ehtiyot chorasini o‘zgartirishga asos yo‘q deb hisoblab, iltimosnomani rad etishingizni so‘rayman”, deydi davlat ayblovchilaridan biri.
Ikkinchi prokuror ham hamkasbining fikrlarini tasdiqlab, suddan Yo‘ldoshevaning iltimosini rad etishni so‘radi.
Shuningdek, sudga raislik etuvchi Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib, so‘ng Ruhiy-asab kasalliklari dispanserida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamovaga so‘z berdi. Marhumning bevasi suddan Guljahon Yo‘ldoshevaning iltimosini rad etishni, uy qamog‘i ehtiyot chorasini o‘zgartirmaslikni so‘radi.
Sud hay’ati maslahatlashuvga kirdi. Jarayon davom etmoqda.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi