Prokuror Guljahon Yo‘ldoshevaga 5 yil ozodlikdan cheklash jazosi berishni so‘radi
Jamiyat
−
05 mart 2021
10021Kecha, 4 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ayblanuvchining advokati Xushnud Axrorov ma’lum qildi.
Unda prokuror davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlovchi Chirchiq shahar prokuror o‘rinbosari jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga ayblovni o‘qib eshittirgan.
Prokuror Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan 59-61-moddalar tartibida bir yil muayyan huquqdan mahrum qilgan 5 yil ozodlikni cheklash jazosi va shu bilan bir qatorda 340 mln atrofidagi moddiy zarar qiymati qoplash jazosini tayinlashni so‘radi.
Shundan so‘ng Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachilari yozma va og‘zaki tarzda dastlabki tergov tomonidan e’lon qilingan ayblovlar sud tergovi chog‘ida o‘z isbotini topmaganligi aksincha dastlabki tergov yolg‘on xabar va yolg‘on xabar berib qalbaki hujjatlarni taqdim yetgan holda rasmiy hujjatlar soxtalashtirilib olingani, ular noma’qul dalilar sirasiga kirishi holatlari bo‘yicha himoyasi ostidagi Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan e’lon qilingan ayblov isbotini topmaganligi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 83-moddasi 2-qismi, ya’ni umum harakatida jinoyat harakatlari yo‘qligi holatidan kelib chiqqan holda oqlov hukmi chiqarilishini so‘radi.
Shu bilan birga Rustamov Solihning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan dastlabki tergov tomonidan qabul qilingan qarorlarning bekor qilinishi hamda tegishli munosabat bildirilishi,Jinoyat kodeksining 416-417-moddalariga asosan tegishli munosabat bildirilishi haqida ma’lum qilingan.
Shundan so‘ng, boshqa sudlanuvchilarning himoyachilari ham so‘zga chiqqach, sudlanuvchi Ro‘zmetov Shermamatning himoyachisi muzokara nutqiga tayyor yemasligi bois sud majlisi to‘xtatilgan va joriy yilning 15 mart kuni soat 10:00 ga qoldirilgan.
Keyingi sud majlisida, himoyachi himoya nutqidan so‘ng, sudlanuvchi tomonidan himoya nutqi amalga oshiriladi.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi