Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha tergov tamomlandi, ish sudga oshirildi
Jamiyat
−
17 noyabr 2020
11827Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mansabdorlari, jumladan Bosh shifokor Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tugatilib, ish sudga yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlangan.
Tergov davomida 5 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 116 (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207 (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash), 209 (Mansab soxtakorligi), 228 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan ayb e’lon qilingan.
Hozirda jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudiga mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun yuborildi.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi