“Bu Guljahon Yo‘ldoshevadan barcha ayblovlar olib tashlandi degani emas”. Prokuratura bayonot berdi (video)
Intervyu
−
06 Oktabr 2020
19790Avval xabar berganimizdek, bugun, 6 oktyabr kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasidan ozod qilinib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi uy qamog‘ida saqlash chorasiga o‘zgartirildi. Mazkur holat bo‘yicha batafsil ma’lumot olish maqsadida QALAMPIR.UZ Chirchiq shahar prokuraturasida bo‘ldi.
Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
QALAMPIR.UZ bilan muloqotda bo‘lgan Chirchiq shahar prokurorining katta yordamchisi Lobar Zamitova shunday deydi:
“So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda internet saytlarida Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.Ish hujjatlariga ko‘ra, 10.08.2020 yilda fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 01.08.2020 yilda Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilganligini va 02.08.2020 yilda uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganligini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan 11.08.2020 yilda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning
116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik, ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa)bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori ushbu bemorni og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilishiga yo‘l qo‘ygan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 100 mln. so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi aniqlangan.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan, uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.
Shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligining mutaxassislari tomonidan joriy yilning 28, 29-avgust hamda 03, 04, 08-sentyabr kunlari o‘rganish uchun shifoxonaga kirishmoqchi bo‘lishganida, yuqumli kasalliklar shifoxonasi ishchilari G.Yuldashovaning telefonda bergan topshirig‘iga asosan mutaxassislarni shifoxona hududiga kiritmasdan, o‘rganishga to‘sqinlik qilishgan, bu haqda dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
08.09.2020 yilda shifoxona bosh shifokori G.Yuldashova majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)
3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.Ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldoshevaga tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan
jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 09.09.2020 yildagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.Qayd etish kerakki, jinoyat ishi bo‘yicha Guljahon Yo‘ldoshevaning konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanib, u himoyachi bilan ta’minlangan, unga nisbatan olib borilayotgan barcha tergov harakatlari bevosita himoyachisi ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan 09.09.2020 yilda Chirchiq shahar xalq ta’limi bo‘limiga Guljahon Yo‘ldoshevaning qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandlarini ijtimoiy himoya qilish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.
Mazkur jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilib, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva ayol ekanligi, shuningdek olti nafar voyaga yetmagan farzand onasi ekanligi inobatga olinib, Bosh prokurorning tashabbusi bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirish yuzasidan Chirchiq shahar prokurori tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborildi va sud tomonidan prokuror iltimosnomasi qanoatlantirildi.
Biroq, ehtiyot chorasi o‘zgartirilgani Guljahon Yo‘ldoshevadan barcha ayblovlar olib tashlandi degani emas.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi bo‘yicha tegishli ayblov xulosasi bilan jinoyat ishi sud muhokamasiga yuboriladi hamda mazkur jinoyat ishi yuzasidan yakuniy to‘htam sud tomonidan belgilanadi. Jinoyatga jazo muqarrarligi tamoyili to‘liq ta’minlanadi”.
Biz voqealarga yanada aniqlik kiritish maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Axrov bilan telefon orqali bog‘landik.
“Himoyam ostidagi Yo‘ldoshevaning uyiga yuborilganidan xabarim bor. Menga Chirchiq shahar prokuraturasi tergovchisi qo‘ng‘iroq qilib, himoyam ostidagi Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirish maqsadida ekanligi, shu sababli yetib kelishimni aytdi. Himoyam ostidagi qayerda ekanlarini so‘raganimda, ayni vaqtda tergov hibsxonasidan keltirilayotganlarini aytishdi. Men uzoqda bo‘lganligim sababli ishni mendan avval olib borgan himoyachi bilan olib borishlarini so‘radim.
Guljahon Yo‘ldosheva menga qo‘ng‘iroq qildilar, ularga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘i qo‘llanilayotganini, shu bilan birga bir necha cheklovlar borligini bildirdilar.
Ular ma’lum qilishlaricha:
• o‘zgalar bilan muloqotda bo‘lmasliklari;
• telefon orqali so‘zlashmasliklari;
• ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilmasliklari bo‘yicha cheklovlar mavjud.
Men ularga imzo chekishlari mumkinligini tavsiya qildim. Bo‘lgan jarayon haqida esa yana ma’lumotlar olamiz. Bizning maqsadimiz, Yo‘ldoshevani farzandlari oldiga qaytarish edi va biz bunga erishdik”, deydi advokat.
U suhbat so‘ngida barcha ommaviy axborot vositalariga, shu qatorda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rab chiqqan edi.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi