Stoltenberg Ukraina osmoni yopilmayotgani sabablarini tushuntirdi 

Olam

image

Ukraina osmonini yopish uchun mintaqaga harbiy kuchlarni joylashtirish zarur. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Anadolu”ga bergan intervyusida ta’kidlagan. 

“Savol osmonning yopilishi haqidagi bitta bayonot bilan cheklanmaydi. Buning uchun mintaqaga harbiy kuchlarni joylashtirish zarur. Bu NATOning Ukrainadagi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlariga zarba berishini anglatadi. Qolaversa, bu masala faqat Ukraina bilan cheklanib qolmaydi. Zarba Belarus va Rossiya hududiga ham yetkaziladi. Ya’ni, Rossiya Federatsiyasi va NATO o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik, ya’ni keng ko‘lamli urush bo‘ladi. Vayronagarchilik va qurbonlar ko‘lami bugungi Ukrainada ko‘rayotganimizdan bir necha barobar ko‘p bo‘ladi”, degan u. 

Stoltenberg Rossiyaning harakatlarini qoralagan va ularni “adolatsiz va asossiz” deb atagan. 

“Rossiya Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri ko‘rilmagan shafqatsizlikni namoyish etmoqda. Biz Prezident Vladimir Putinni urushni to‘xtatishga, qo‘shinlarni olib chiqishga va diqqatni diplomatik qadamlarga qaratishga chaqiramiz”, degan Stoltenberg. 

U NATOning ko‘plab davlatlari Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘yganini eslatib, alyans Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidlagan. 

Shimoliy Atlantika alyansi rahbari 2014 yildan beri NATO mutaxassislari Ukraina armiyasini o‘qitayotganini va bu jarayon so‘nggi yillarda faollashganini eslatgan. 

“NATO 30 ittifoqchining har birining himoyasi va mudofaasi uchun javobgardir. Shu munosabat bilan Alyansning sharqiy qanotini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda”, degan u. 

U Ukrainaga yordam mudofaa sohasida ham, moliyaviy va gumanitar sohalarda ham ko‘rsatilayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u NATO bloki Ukrainadagi urushning ushbu davlat chegarasidan tashqariga tarqalishining oldini olish uchun faol choralar ko‘rayotganini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing