Stoltenberg Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qilishi oqibatlaridan ogohlantirdi

Olam

image

Rossiya Ukraina ustidan g‘alaba qozongan taqdirda boshqa qo‘shni davlatlarga ham hujum qilishi mumkin. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Norvegiya Ishchilar partiyasi tomonidan Utyoya orolida tashkil etilgan yozgi lagerga tashrifi chog‘ida shunday fikr bildirgan.

Unga ko‘ra, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash Alyansning ma’naviy mas’uliyatining bir qismidir.

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainada o‘z maqsadlarini amalga oshira olmasligi bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi. Rossiya rahbari o‘zi xohlagan narsaga harbiy kuch yordamida erisha olishiga ishonadigan dunyo biz uchun xavfliroq”, deydi harbiy-siyosiy blok bosh kotibi.

Ukrainadagi vaziyatga to‘xtalib, Stoltenberg Rossiya armiyasi oldinga siljishni to‘xtatganini, Ukraina esa bir qator hududlarni qaytarib olganini ta’kidladi. Bularning barchasi NATOning sharqiy qanotda kuchayishi fonida sodir bo‘lmoqda.

NATO bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, alyansning asosiy vazifalaridan biri Ukrainadagi mojaroning NATO va Rossiya o‘rtasida keng ko‘lamli urushga aylanib ketishining oldini olishdir.

Uning qayd etishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi ambitsiyalarida muvaffaqiyat qozonmasligi alyans manfaatlariga mos keladi.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng NATO davlatlari yanada birlashgan holda harakat qilib, Shvetsiya va Finlyandiya kabi yangi a’zolarni qabul qilishga tayyorlanmoqda.

“AQSH Senati Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha protokollarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani oxirgilar qatorida qabul qildi. Shunday qilib, ikki Skandinaviya davlatining alyansdagi ishtirokini ma’qullagan NATOga a’zo davlatlar soni 23 taga yetdi. Ko‘plab boshqa davlatlar ham bunga yaqin. Bu NATOning zamonaviy tarixidagi eng tez qo‘shilish jarayoni”, deya qo‘shimcha qildi blok rahbari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

27

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing