Shoygu avgust oyida Ukrainaning qancha quroli yo‘q qilinganini aytdi

Olam

image

Rossiya kuchlari bir oy ichida Ukrainaning 190 ga yaqin uchuvchisiz uchish apparatlarini urib tushirdi va AQSH tomonidan yetkazib berilgan HIMARS yalpi raketa tizimlarining 226 ta patronini tutib oldi. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu bugun, 2 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan konferensiya chog‘ida aytib o‘tdi. 

“Oxirgi bir oy ichida brigada va batalon bo‘linmalarining 174 ta qo‘mondonlik punktlariga zarba berildi, 601 ta og‘ir qurol va artilleriya tizimlari, asosan G‘arb ishlab chiqarganlari yo‘q qilindi. 19 ta samolyot, 6 ta vertolyot va 188 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi, 226 ta HIMARS raketasi tutib olindi”, deydi u. 

Shoyguning qayd etishicha, Qurolli kuchlar Donbassni “ozod qilish” va Rossiya Federatsiyasi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishni davom ettiradi. 

Shuningdek, “maxsus operatsiya” boshlangandan beri Ukraina tomonida jang qilayotgan 3 mingga yaqin xorijlik yollanma askar Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. 

"Ukraina Qurolli Kuchlarining ko‘p yo‘qotishlari fonida xorijlik yollanma askarlar oqimining kamayishi kuzatildi. Maxsus operatsiya boshlangandan beri ularning soni uch yarim barobardan ko‘proqqa, deyarli 3000 taga kamaydi, 2831 jangari yo‘q qilindi”, deydi harbiy bo‘lim boshlig‘i.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sergey Shoygu

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing