Shoyguning o‘zbekistonlik “jiyani” rossiyaliklarni chuv tushirdi
Olam
−
06 Oktabr 15884 2 daqiqa
Rossiyada o‘zbekistonlik ayol o‘zini mashhur siyosatchi va harbiy arbob Sergey Shoyguning yaqin qarindoshi sifatida tanishtirib, fuqarolarni 100 mln rublga chuv tushirdi. Bu haqda uch jabrlanuvchining advokati Said Yaraxmedovga tayanib, TASS agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayol va uning eri hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yirik firibgarlik ishi bo‘yicha tekshiruv ostida qolmoqda.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, ayol Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguga qarindoshligini da’vo qilib, mashhur familiyadan foydalanib, moskvaliklarni aldagan. 27 yoshli o‘zbekistonlik gumon qilinayotgan jinoyatlarni sodir etishdan avval maxsus tarzda pasport ma’lumotlarini o‘zgartirgan.
U moskvaliklarning taniqli familiyaga bo‘lgan ishonchidan foydalanib, kriptovalyuta birjasiga sarmoya kiritishni taklif qilgan. Dastlabki zarar 100 million rubldan ortiq deb baholanmoqda, ammo advokatning aytishicha, yangi arizalar kelib tushgani sayin bu summa ikki baravar oshishi mumkin. Pulni qo‘lga kiritgach, gumondorlar yashiringan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Siktivkar shahrida o‘zbekistonlik erkak xotinining Rossiyada noqonuniy qolishini tashkil qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilingandi. Sud materiallariga ko‘ra, erkak o‘tgan yilning 6 sentyabridan 26 dekabrigacha, ya’ni Rossiya hududida bo‘lgan vaqtida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan xotinining mamlakatda noqonuniy qolishini boshqa shaxslar bilan til biriktirgan holda tashkil qilgan. U ayolning Rossiyada qonuniy bo‘lib turgandek ko‘rsatish uchun soxta mehnat patentlari va boshqa rasmiy hujjatlarni sotib olgan.