Sergelidagi portlash, kuchli uchlikdagi Bobonov, dunyoga xavf solayotgan yangi shtamm – QALAMPIR.UZ dayjesti

Jamiyat

image
Bugun, 29 noyabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim, eng sara voqea-hodisalarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Qashqadaryo hokimligida yangi lavozim joriy etiladi

Joriy yil 23 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining “Qashqadaryo viloyatining mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat qishloq va suv xo‘jaligi tarmog‘idagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, hududda agrar tarmoqning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda.

“Dubinka” ko‘targan “Qora maskalilar”dan qochgan haydovchiga jinoyat ishi ochildi

Qashqadaryoda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, mashinani ularning ustiga haydagan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 27 noyabr kuni soat 16:10 larda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hududida qoidabuzarligi uchun to‘xtatilgan 1998 y.t. Lacetti rusumli avtomobil haydovchisi H.A. IIO xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, atrofdagilarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solgan holda voqea joyidan qochib ketishga uringan.

Sergelidagi ishchilar yotoqxonasida portlash va yong‘in yuz berdi

Bugun, 29 noyabr kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi korxonada ishchilar yotoqxonasida portlash yuz berdi. Bu haqda FVV xabar qilmoqda.

Portlash soat 05:05da Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko‘chasida “Uzmill” MCHJ hududida ishchilar uchun joylashgan yotoqxonada yuz bergan. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashi va buning oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.

Voqea joyida 43 nafar ishchi bo‘lgan, yong‘in oqibatida ulardan 18 nafari har xil turdagi kuyish tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. 

Xususan, yong‘in natijasida turli darajadagi kuyish tan jarohatlarini olgan 18 nafar fuqaro darhol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Ayni paytda barcha bemorlarga belgilangan standartlar bo‘yicha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolaja jarayonlari davom etmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘indan jabrlangan shaxslarning barchasi erkak kishi bo‘lib, ularning  10 nafari reanimatsiya bo‘limida davo mulojalarini olmoqda.

Samarqanddagi 13 yoshli qiz kimdan homilador ekani ma’lum bo‘ldi

Avvalroq Samarqandda 13 yoshli o‘quvchi qiz 6 oylik homilador ekani haqida xabar bergan edik. Voyaga yetmagan qizning homilador bo‘lishi yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida 13 yashar qiz kimdan homilador bo‘lgani aniqlandi.

STV telekanalining ma’lum qilishicha, voqea tafsilotlarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh bilan suhbat davomida o‘quvchi qiz 5 yildan beri onasi bilan yashab kelayotgan erkak uni aldab nomusiga tekkanini aytgan.

Voyaga yetmagan qiz shuningdek, erkak uni 11 yoshidan beri muntazam zo‘rlab kelayotganini ham aytgan.

Namanganda “ko‘chat shou” uyushtirgan mansabdorlar lavozimdan ozod qilindi

Ijtimoiy tarmoqda Namangan viloyati Pop tumanida bir qator mutasaddilarning ko‘zbo‘yamachilik uchun ko‘chat ekkani aks etgan video tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 noyabr kuni tumanning Sang qishlog‘i “Bog‘ko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi boshchiligida Meros ko‘chasida ko‘chat ekish ishlari olib borilgan va aynan mahalla raisining ko‘rsatmasi bilan ko‘chat ekish jarayoniga soxtalik bilan yondashilgan.

Olam

Berdimuhamedov “spetsnaz”ni jangovar holatini kuchaytirishni buyurdi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov maxsus topshiriqlar bo‘linmasini takomillashtirishni buyurdi. Bu haqda “Arqadag‘” joriy yilning 26 noyabr kuni o‘tkazilgan Davlat xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda 27 yanvar kuni nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuniga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilingan.

Kuch tuzilmalari rahbarlari rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida davlat rahbari harbiy va huquq tartibot idoralari xodimlaridan tuzilgan “Türkmen edermen” (“Jasur turkman”) maxsus topshiriqlar bo‘linmasini takomillashtirish haqida topshiriq bergan.

Tramp Rossiya bilan hamkorlikka nima to‘sqinlik qilganini aytdi 

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp hukmronligining katta qismida davom etgan tuhmat kampaniyasi unga Rossiya bilan aloqa o‘rnatishga va har ikki davlat uchun “juda yaxshi” natijalarga erishishga to‘sqinlik qilgan. Bu haqda u “Fox”ga bergan intervyusida gapirgan.  

U 2016 yilgi saylov kampaniyasi paytida bo‘lib o‘tgan, go‘yoki Moskva bilan til biriktirganlik haqidagi ichki siyosiy muxoliflarning rad etilgan ayblovlarini eslagan. 

Koronavirusning “omikron” shtammini aniqlagan shifokor uning belgilarini ma’lum qildi

Koronavirusning  “omikron” shtammi haqida ogohlantirgan janubiy afrikalik shifokor Anjelik Kutze yangi shtammning belgilarini sanab, ularni noodatiy, ammo yengil ekanini aytdi. Bu haqda u “The Telegraph” nashri bilan suhbatda aytib o‘tgan.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda uning JAR poytaxti Pretoriyadagi COVID-19 bilan kasallangan bemorlari orasida qattiq charchoqdan shikoyat qilayotgan kelib chiqishi turli millatlarga mansub yoshlar paydo bo‘lgan. Ulardan hech biri ta’m yoki hid bilish sezgisi yo‘qolishidan shikoyat qilmagan. Shuningdek, Kutze tomir urishi tezlashgan va isitmasi yuqori bo‘lgan olti yoshli bilan bog‘liq holatni yodga olgan.

JSST “omikron” shtammining xavfli jihatini ma’lum qildi 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kecha, 28 noyabr kuni bayonot e’lon qildi, unda yangi “omikron” koronavirus shtammi haqidagi barcha so‘nggi ma’lumotlar keltirilgan.  

Unda aytilishicha, COVID’ni boshdan o‘tkazganlarning “omikron” bilan kasallanish xavfi ortishi mumkin. 

“Dastlabki dalillar shuni ko‘rsatadiki, boshqa tashvishli variantlarga qaraganda, “omikron” bilan qayta kasallanish xavfi yuqori. Ammo bu boradagi ma’lumotlar cheklangan. Qo‘shimcha ma’lumotlar kelgusi kunlar va haftalarda mavjud bo‘ladi”, deyilgan bayonotda. 

OAVda ilk bor Turkmaniston birinchi xonimining surati e’lon qilindi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning turmush o‘rtog‘i Ogulgerek Berdimuhamedovaning suratlari ilk bor ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Surat Turkiya va Turkmaniston Prezidentlarining Ashxoboddagi uchrashuvida olingan. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 27 noyabr kuni Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tgan. Shu sabab Erdo‘g‘an rafiqasi Emine Erdo‘g‘an bilan Turkmanistonga kelgan.

Sport

Bobonov Abu-Dabi “Katta Dubulg‘a” turnirida sovrindor bo‘ldi

Kecha, 28 noyabr kuni BAA mamlakati poytaxti Abu-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi so‘nggi musobaqa o‘z yakuniga yetdi.

90 kg vaznda tatamiga chiqqan Tokio Olimpiadasining bronza medali sovrindori Davlat Bobonov musobaqaning bronza medali uchun kechgan bahsda fransiyalik Fransis Damiyerga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini chiroyli ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi.

Davlat Bobonov bronza medali bilan birga 500 reyting ochkosiga ham ega bo‘ldi.

Ahmadaliyev mutlaq Jahon chempionligi yo‘lida kim bilan jang qilishi ma’lum bo‘ldi

Kecha, 28 noyabr kuni AQSHning Las-Vegas shahrida professional boksning super yengil vazn toifasida WBO yo‘nalishi chempioni amerikalik Stiven Fulton (20-0-0) WBC chempionlik kamari sohibi Brendon Figeroani (22-1-1) mag‘lub etib, ikki yo‘nalish bo‘yicha Jahon chempioniga aylandi.

O‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyevga raqibi aniqlangan jang to‘liq 12 raund davom etdi va yakunda Fulton ochkolar evaziga (116-112, 116-112, 114-114) g‘alaba qozondi. Ushbu jangdagi mag‘lubiyat Figeroa uchun faoliyatidagi birinchisi bo‘ldi.

Neymar qancha muddatga safdan chiqqani ma’lum

Kecha, 27 noyabr kuni Fransiya chempionatining 15-turidan o‘rin olgan PSJ – “Sent Eten” qarshiuchrashuvida jarohat olgan Neymar taxminan 6 hafta maydonga tusha olmasligi mumkin. Bu haqda “RMC Sport” nashri xabar berdi. 

Uchrashuv parijliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Braziliyalik futbolchi o‘yin yakuniga yetayotgan bir pallada himoyachi Ivan Meyson unga niyabatan qo‘pollik ishlatdi va buning natijasida Neymar chap to‘pig‘ini qayirib oldi va o‘zi maydonni tark eta olmadi. Uni zambilda olib ketishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing