Saudiya Arabistoni Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi haqida ijobiy xabarlar olganini aytdi. Bu haqda u Damashqda Suriya o‘tish davri hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Hasan al-Shiboniy bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Biz xalqaro hamjamiyatga sanksiyalarni bekor qilish muhimligini yana bir bor e’lon qilamiz. Suriyaning o‘z joyiga qaytishi uchun sa’y-harakatlarni davom ettiramiz” dedi Faysal bin Farxon Ol Saud.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasida AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan faol muloqot olib bormoqda:

"Biz bu jarayonda ijobiy signallarni qabul qilmoqdamiz va yaqin kelajakda sanksiyalar bekor qilinishiga ishonamiz".

Asad Hasan al-Shiboniy ham bin Farxonning tashrifi Saudiya Arabistoni Suriya xalqi bilan birga ekaniga yaqqol dalolat ekanini aytdi.

"Biz Saudiya Arabistoni bilan strategik va maxsus munosabatlar o‘rnatishga intilamiz. Muammolar juda katta va albatta sanksiyalarni bekor qilish va bu muammoni yengish kerak. Suriya arab dunyosida birdamlik va hamkorlikni mustahkamlashga tayyor. Biz Saudiya Arabistoni bilan siyosiy, iqtisodiy va strategik hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha ochiq muloqot olib bormoqdamiz" degan al-Shiboniy.

Suriyani qayta qurish jarayonida arab davlatlarining qo‘llab-quvvatlashi juda muhim ekanligini ta’kidlagan Shiboniy Saudiya Arabistoni bilan savdo, infratuzilma loyihalari va yangi ish o‘rinlari yaratish sohalarida hozirda hamkorlik imkoniyatlari baholanayotganini qo‘shimcha qildi. Suriyaning arab dunyosiga qaytishi barcha arab davlatlari va xususan Saudiya Arabistoni uchun ajoyib imkoniyat ekanini ta’kidlagan Sheyboniy, shunday dedi:

"Muzokaralar mutlaqo ochiq tarzda o‘tmoqda va biz muhokama qila olmaydigan hech narsa yo‘q. Biz Saudiya Arabistoni bilan strategik va maxsus munosabatlar o‘rnatishga intilamiz".

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri bin Farxon Suriyaning yangi ma’muriyati rahbari Ahmad al-Sharo (Al-Jo‘loniy) bilan ham uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Suriyada hokimiyat tepasiga yangi kuchlar kelgach, ular ko‘plab mamlakatlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni boshladi. Ularning yetakchisi Ahmad ash-Sharo o‘tgan yil oxirida Suriyada hokimiyatni egallaganidan beri Damashqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Qatar Tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Muhammad al-Xulayfiy, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Livanning o‘sha paytdagi bosh vaziri Najib Mikati, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bilan uchrashdi. Ash-Shiboniy boshchiligidagi Suriyaning yangi rasmiylari delegatsiyasi Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA va Iordaniyaga bordi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Saudiya Arabistoni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing