Sanksiyalar o‘rasiga tushgan Rossiya undan chiqishning navbatdagi yo‘lini qidirmoqda
Olam
−
11 mart 2022
14815Rossiya hukumati mamlakatga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida inqirozga qarshi chora-tadbirlarning uchinchi paketini zudlik bilan tayyorlashi kerak. Bu haqda Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin mamlakat iqtisodiyotining sanksiyalar sharoitida barqarorligini oshirish bo‘yicha hukumat komissiyasi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Uning eslatishicha, inqirozga qarshi choralar bo‘yicha birinchi paket allaqachon parlament tomonidan ma’qullangan, ikkinchisi joriy haftada Davlat Dumasiga taqdim etilgan.
“Biz zudlik bilan qonunchilik tashabbuslarining uchinchi paketini, shuningdek, qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlashimiz kerak”, deydi Mishustin.
Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, ulardan ba’zilari ustida ish allaqachon yakunlangan. Shunday qilib, kichik va o‘rta biznes segmenti vakillari uchun kredit ta’tillarida hisoblanishi mumkin bo‘lgan tarmoqlar ro‘yxati tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 martigacha kredit olgan korxonalar to‘lovni olti oygacha kechiktirish yoki imtiyozli davrda qisqartirish bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lishlari mumkin.
“Bu qishloq xo‘jaligi, turizm, fan, madaniyat, umumiy ovqatlanish, tibbiyot, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, mebel, kiyim-kechak ishlab chiqarish, umuman, savdo sohalaridagilar uchun ham paydo bo‘ladi”, deydi Mishustin.
Ta’kidlanishicha, chora iqtisodiy faoliyat turlarining Butunrossiya tasniflagichining 70 ta kodiga taalluqlidir. Ro‘yxat G‘arbning Rossiyaga qo‘ygan sanksiyalari va biznes takliflarini inobatga olgan holda tuzilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Vazirlar Mahkamasi mamlakatga, uning kompaniyalari va fuqarolariga nisbatan nodo‘stona harakatlarni amalga oshiruvchi xorijiy davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqladi. Bundan tashqari, 8 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sanksiyalar ostidagi fuqarolar va biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan qonunni imzoladi.
Oradan ikki o‘tib, 10 martda Rossiyaga avval xorijdan olib kelingan, olib chiqish vaqtincha taqiqlangan tovarlar va jihozlar ro‘yxatini belgilandi. Bugun, 11 mart kuni esa Davlat Dumasi yig‘ilishda sanksiyalar sharoitida transport sanoatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni darhol ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi.
Aytish joizki, Rossiya boshqa davlatlar tomonidan qo‘yilgan sanksiyalar soni bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi