Sanksiya asorati: xalqaro platformalarda rubl “quladi”
Olam
−
28 fevral 2022
14358Xalqaro savdolarda rubl tarixiy eng past darajaga tushib, dollar va yevroga nisbatan o‘z qiymatining 30 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi. Moskva birjasi ochilishi mahalliy vaqt bilan soat 10:00 ga qoldirildi. Pul bozorida va valyuta reposi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilmasligi e’lon qilindi.
Bugun, 28 fevral kuni Xalqaro platformalarda dollar kursi o‘zining eng yuqori cho‘qqisida 117 rubldan, yevro kursi 132 rubldan oshdi. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, bu tarixiy maksimal pasayishdir. Moskva vaqti bilan ertalab soat 6:30 dan beri yevro 127 rubldan, dollar 114 rubldan yuqori narxda sotilmoqda.
Kotirovkalarning o‘sishi Yevropa Ittifoqining Rossiya bankiga qarshi sanksiyalari e’lon qilinganidan keyin sodir bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi Kengashi Markaziy bankning valyuta zaxiralari bilan har qanday operatsiyalarni taqiqladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Belarus chegarasida Ukraina rasmiylari Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashib, tinchlik muzokaralarini o‘tkazishi kerak.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi