Zelenskiy ruslardan ozod etilgach, jonlanayotgan shaharlar suratlarini e’lon qildi

Olam

image

Ukrainaning Xarkov viloyatining rus bosqinchilaridan ozod qilingan aholi punktlari tiklanmoqda – ular oziq-ovqat, dori-darmon, pensiya, energiya ta’minoti va jamoat transporti qaytmoqda. Bu haqda Prezident Vladimir Zelenskiy Facebook’da ma’lum qildi, deb yozadi “Ukrinform”.

“Endi Xarkov viloyatining ozod qilingan hududlari nihoyat yashashi mumkin – oziq-ovqat, dori-darmonlar, energiya ta’minoti qaytmoqda, pensiyalar keltirildi, biz transport va temir yo‘l ishini tiklayapmiz. Vaqti keladi – biz bosqinchilar tomonidan vayron qilingan hamma narsani tiklaymiz”, deydi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti ruslar tomonidan vaqtincha bosib olingan boshqa barcha shaharlar haqida ham shunday deyish mumkin bo‘lgan kun kelishiga ishonch bildirdi.

“Va Xerson, Berdyansk, Donetsk, Lugansk va Mariupol haqida ham. Albatta, Qrim haqida. Ukraina qaytib keladi. Ukraina g‘alaba qozonadi!”, deydi Prezident.

Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan keng ko‘lamli tajovuzining oqibatlarini aks ettiruvchi fotosuratlar to‘plamini ham chop etgan.

Joriy yilning 15 sentyabr kuni “Ukrzaliznitsa” Xarkov viloyatida bosqinchilardan ozod qilingan Xarkov va Balakleya o‘rtasida qatnovchi temir yo‘l avtobusini ishga tushirdi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina harbiylarining Xarkov viloyatida qarshi hujumga o‘tishi natijasida ruslar nazoratidagi Balakleya, Izyum, Kupyansk kabi shaharlari va ko‘plab boshqa aholi punktlarini ozod qildi. Ba’zi hududlarda ukraina harbiylari Rossiya chegarasigacha chiqdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing