Ruslar 6 oy oldin egallagan shahar ozod qilindi – Zelenskiy (video)
Olam
−
09 Sentabr 2022
13535Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 8 sentyabr kuni Xarkov viloyatidagi Balakleya Rossiya harbiylaridan ozod qilinganini tasdiqladi. Bu haqda u Telegram’da ukrainalik harbiylar shahar uzra Ukraina bayrog‘ini ko‘tarayotgani aks etgan videoni joylash orqali ma’lum qildi.
“Hammasi o‘z o‘rnida. Bayroq erkin Ukraina osmoni ostidagi erkin Ukraina shahrida”, deydi u.
Videoda harbiylar soat 16:00 holatiga ko‘ra Balakleya Ukraina nazorati ostida bo‘lganini va dushman chekinganini aytgan.
Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Balakleya qo‘ldan ketganiga izoh berishdan qochgan va Mudofaa vazirligiga murojaat qilishni so‘ragan.
“Maxsus harbiy operatsiyaning borishiga kelsak, bu (masalada) mening hamkasbim (Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili) Igor Konashenkovga (murojaat qiling)”, degan Peskov.
Bundan tashqari, Kreml matbuot kotibi Rossiya Prezidenti ma’muriyati sodir bo‘layotgan voqealardan xavotirdami, degan savolga javob bermagan va jurnalistlarga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bog‘lanishni maslahat bergan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Putin 9 sentyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan operativ uchrashuv o‘tkazishi xabar qilingan.
Mart oyi boshida rus qo‘shinlari Balakleyani egallab olishgandi. Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbarining ma’lumotlariga ko‘ra, shahar meri Ivan Stolbovoy Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan va keyin shaharni tark etgan va Rossiyaga ketgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi