Rus oligarxlari Ukrainaga bosqin ortidan $83 mlrdga kambag‘allashdi
Olam
−
02 mart 2022
5684Birjadagi pasayish tufayli rossiyalik oligarxlarning boyligi 2022 yil boshidan buyon o‘nlab milliard dollarga kamaydi, deb yozmoqda “Bloomberg”.
Nashr tomonidan tuzilgan “Milliarderlar indeksi” ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 500 ta eng badavlat kishilari ro‘yxatidagi 22 nafar rossiyalik jami 83 milliard dollar yo‘qotgan.
London fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevral kuni Rossiyaning ayrim kompaniyalari, jumladan “Novatek” va “Severstal” aksiyalari o‘z qiymatining yarmidan ko‘pini yo‘qotdi. Qimmatli qog‘ozlarning pasayishi AQSH, Buyuk Britaniya va YeI tomonidan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi kiritilishi ortidan sodir bo‘ldi.
“Lukoyl” bosh direktori Vagit Alekperovning boyligi qariyb 13 milliard dollarga qisqargan, bu rossiyalik milliarderlar orasida eng katta pasayishdir. 28 fevral kuni London fond birjasida uning neft kompaniyasining aksiyalari 62,8 foizga arzonlashgan. Biznesmen Gennadiy Timchenko boyligining deyarli yarmidan — 10,6 milliard dollardan mahrum bo‘lgan.
“Novateka” kompaniyasi egasi Leonid Mixelson 10,2 milliard dollardan ayrildi. “Evraz” po‘lat kompaniyasi va “Chelsi” futbol klubi aksiyadori Roman Abramovich 5 milliard dollar yo‘qotdi. Fevral oyi oxirida tadbirkor klub boshqaruvini xuddi shu nomdagi xayriya jamg‘armasi vasiylariga topshirdi.
G‘arb sanksiyalari Alisher Usmonov, Mixail Fridman, Pyotr Aven, Aleksey Mordashov, Nikolay Tokaryov va Aleksandr Ponomarenko kabi yirik tadbirkorlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. 28 fevral kuni Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass Britaniya rasmiylari rossiyalik oligarxlarning mulki va yaxtalarini tortib olish niyatida ekanini aytdi. 1 mart kuni Mixail Fridman "Veon" telekommunikatsiya xoldingi direktorlar kengashini tark etishi, Aleksandr Ponomarenko esa "Sheremetevo" aeroporti direktorlar kengashi raisi lavozimini tark etishi ma’lum bo‘ldi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi