Rus armiyasi Dneprga keng ko‘lamli hujum boshlaydi – NYT
Olam
−
11 aprel 2022
16797Rossiya qo‘shinlari Izyumdan Dneprga qadar yirik hujumni boshlashi mumkin, chunki shahar strategik nishon hisoblanadi. “The New York Times” nashrining yozishicha, amerikalik harbiy tahlilchilar shunday fikr bildirgan.
Ukraina janubidagi Bolshoy Burluk qishlog‘i bo‘ylab Izyum tomon harakatlanayotgan yuzlab mashinalarni sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlari shunday xulosaga kelishga asos bo‘lgan. Rasmlarda uzunligi 8 milya (yoki 12,8 km) bo‘lgan rus harbiylari kolonnasi aniqlangan. U Xarkovga harakatlanmoqda deb taxmin qilingan.
“Biz bir necha kundan beri Izyum ular uchun qanchalik muhimligi haqida gapiryapmiz, chunki u Donbassning deyarli markazida, uning g‘arbida joylashgan”, degan AQSH harbiylari.
Shu bilan birga, Pentagonning yuqori martabali mulozimining aytishicha, AQSH razvedkasi tahlilchilari Izyum va uning atrofida rus qo‘shinlari janub va janubi-sharqga harakatlanishga tayyorlanayotganini ko‘rgan.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Izyum uchun og‘ir janglar ketmoqda. Bosqinchilar shahar hududida ukrainalik himoyachilarning mudofaasini yorib o‘tishga urinishdan to‘xtamayapti.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi