Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bir necha yilga cho‘ziladi – amerikalik general
Olam
−
06 aprel 2022
11260Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bir necha yil davom etadi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Mark Milli Kongress Vakillar palatasining Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tgan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi “Amerika armiyasidagi 42 yillik faoliyatim davomida Yevropa va balki butun dunyo tinchligi va xavfsizligiga eng jiddiy tahdiddir”, degan general.
“Qo‘shma Shtatlar juda muhim va tarixiy, geostrategik burilish nuqtasida. Biz o‘zimizni tobora beqaror bo‘lib borayotgan dunyoda ko‘ryapmiz va buyuk davlatlar o‘rtasidagi muhim xalqaro mojarolar jiddiyligi kamaymayapti, o‘sib bormoqda”, deb davom etgan Milli.
Millining ta’kidlashicha, Rossiya “AQSH va uning ittifoqchilariga tahdid soluvchi yirik va xilma-xil yadroviy salohiyatni saqlab qolmoqda”.
“Biz Rossiya yadroviy kuchlarining jangovar tayyorgarligi darajasiga oid juda provokatsion ritorikani eshitdik”, deb eslagan qo‘mita raisi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya “kibermakonda murakkab va zararli harakatlarni” amalga oshirishga qodirligi va tayyorligini bir necha bor namoyish etgan.
Bundan tashqari, Millining fikricha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi “xavfli tarixiy burilish nuqtasi”ni yaratdi.
“Men bu uzoq davom etadigan mojaro, u yillar bilan o‘lchanadi deb o‘ylayman. O‘n yil haqida gapirish mumkinmi yoki yo‘qmi, bilmayman, lekin bir necha yil aniq. Menimcha, AQSH, NATO, Ukraina va barcha ittifoqchilar. hamda uni qo‘llab-quvvatlovchi hamkorlar uzoq vaqt davomida bu bilan shug‘ullanadilar”, degan Milli.
Biroq, umuman olganda, Millining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy uzoq muddatli istiqbolda AQSH uchun asosiy “geostrategik muammo” bo‘lib qolmoqda.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy turli sohalarda o‘z salohiyatini rivojlantirishda davom etmoqda va har kuni “AQSH bilan texnologik farqni kamaytirish uchun ishlamoqda”.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi