Rossiyaning Ukrainaga hujumi qachongacha davom etishi aytildi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti Donbassni o‘qqa tutish to‘xtamaguncha va Ukraina hududidan tahdid to‘xtaguncha davom etadi. Bu haqda kecha, 28 iyun kuni Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy jahon tashkiloti Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. 

“Biz Donbassni Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishini to‘xtatish, G‘arb davlatlari, shuningdek, uning millatchi rahbariyati taklifi bilan Rossiyaga qarshi hududga aylangan bu davlatdan Rossiya va Ukrainaning janubi va janubi-sharqidagi aholisi uchun tahdidni yo‘qotish uchun maxsus harbiy operatsiyani boshladik. Bu maqsadlarga erishilgunga qadar bizning operatsiyamiz davom etadi”, degan diplomat. 

Shuningdek, Moskva vakili G‘arb davlatlariga ham murojaat qilib, ularni Zelenskiy hokimiyatini qo‘llamaslikka chaqirgan. 

“Sizlar [G‘arb davlatlari] qurol yetkazib berish orqali o‘z aholisini qurbon qilishga tayyor bo‘lgan jinoyatchi Kiyev rejimining azobini uzaytirasiz. Buni qanchalik tez anglasangiz, Ukraina rahbariyati muzokaralar stoliga shiorlar va xayoliy og‘riqlar bilan emas, balki real pozitsiya bilan shunchalik tez o‘tiradi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning taklifiga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ukraina rahbari Rossiyani “terrorchi davlat” deb tan olishga va uni Rossiya Federatsiyasi doimiy a’zosi bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarib yuborishga, Kremenchugga berilgan raketa zarbasi uchun xalqaro tribunalga tortishga chaqirdi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

61

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing