Rossiyadagi safarbarlik umidsizlik belgisi – Shols

Olam

image

Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishini va Ukrainaning bosib olingan hududlarida “referendumlar” o‘tkazilishi “umidsizlik harakatidir”. Germaniya kansleri Olaf Shols shunday fikr bildirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi arafasida Nyu-Yorkda jurnalistlarga bergan intervyusida Shols “Rossiya bu jinoiy urushda g‘alaba qozona olmasligi” va Prezident Vladimir Putin “so‘nggi qarorlari bilan vaziyatni yanada yomonlashtirganini” aytdi.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Putin “boshidanoq ukrainaliklarning qarshilik ko‘rsatish irodasini, shuningdek, Kiyev ittifoqchilarining “birdamligi va qat’iyatini” butunlay past baholagan.

Germaniya kansleri Olaf Shols bunga Rossiya armiyasining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligi sabab bo‘lganiga ishonadi. Shols Putinning bayonotlarini e’tiborga oldi, deydi Berlinda Germaniya hukumatining rasmiy vakili.

Uning eslatishicha, Putin qo‘shinlarni qayta guruhlab, Kiyev hududini tark etishiga to‘g‘ri keldi, biroq Kreml Ukraina sharqida ham ko‘zlangan muvaffaqiyatga erisha olmagan.

“Bu Ukraina o‘zining hududiy yaxlitligi va suverenitetini juda samarali himoya qilayotganining yaqqol belgisidir, bu nafaqat dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Germaniyaning keng ko‘lamli va jiddiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra 300 ming Rossiya fuqarosi jangovar hududga boradi.

Oradan ko‘p o‘tmay Rossiyadagi “Bahor” yoshlar harakati Vladimir Putinning qisman safarbarlik e’lon qilishiga javoban mamlakat bo‘ylab namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing