Rossiya va Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish rejasini tayyorladi – FT

Olam

image

Buyuk Britaniyaning Financial Times gazetasining yozishicha, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari mojaroga barham berish rejasini tayyorlagan. Kelishuv Kiyevning betarafligi va Ukraina Qurolli Kuchlarining qisqarishi sharti bilan o‘t ochishni to‘xtatish va rus qo‘shinlarini olib chiqish kabi 15 banddan iborat.

Ta’kidlanishicha, reja Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishini nazarda tutadi va Ukraina AQSH, Buyuk Britaniya va Turkiya kabi ittifoqchilardan himoya evaziga boshqa davlatlarning harbiy bazalarini joylashtirmaslik majburiyatini oladi.

Hozircha muzokaralarda Rossiya yoki Ukraina tomonidan bunday reja tayyorlangani haqida hech qanday rasmiy tasdiq bo‘lmagan.

Ukraina bilan muzokaralardagi Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy bugun, 16 mart kuni muzokaralarda Ukrainaning neytral maqomini saqlab qolish va rivojlantirish, mamlakatni qurolsizlantirish, shuningdek, armiya ko‘lami bilan bog‘liq bir qator masalalar muhokama qilinayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Ukraina tomoni “neytral demilitarizatsiya qilingan davlatning Avstriya va Shvetsiya versiyasini, shu bilan birga o‘z armiyasi va flotini saqlab qolishni” taklif qilmoqda.

Avvalroq RF Prezidenti Vladimir Putin Moskvaga mavjud muammolarni tinch yo‘l bilan yechishga yo‘l qoldirilmagani sabab Ukrainaga qarshi "maxsus operatsiya" boshlanganini aytib o‘tgandi.

Kecha, 15 mart kuni Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Rossiya qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqish muhokama qilinayotgani haqida ma’lumot bergandi.

"Muzokaralar davom etmoqda. Asosiy muzokaralar maydonchasi bo‘yicha maslahatlashuvlar qayta tiklandi. Muzokaralar o‘tkazishning asosiy masalalari, o‘t ochishni to‘xtatish va mamlakatimiz hududidan qo‘shinlarni olib chiqish muhokama qilinmoqda”, deb yozgandi u o‘zining Telegram-kanalida. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing