Rossiya va G‘arb o‘rtasiga temir parda tushmoqda – Lavrov
Jamiyat
−
30 iyun 2022
11781G‘arb allaqachon o‘zi va Rossiya o‘rtasiga temir parda tushirishga kirishdi. Bu haqda bugun, 30 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Minskda Belarus tashqi siyosati yetakchisi Vladimir Makey bilan bo‘lgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Temir pardaga kelsak, u allaqachon tushmoqda, jarayon boshlandi. Faqat [G‘arb] hech narsani chimchilab qo‘ymaslik uchun o‘zini ehtiyotkorlik bilan tutishi kerak”, deydi Lavrov.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar 2014 yilda Yevropa rasmiylari Ukrainadagi davlat to‘ntarishini qo‘llab-quvvatlaganidan beri mavjud emas, o‘zaro hamkorlikning barcha mexanizmlari yo‘q qilingan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Yevropa Ittifoqini turli sammitlar va joylardagi ikki tomonlama muloqotni yo‘q qilishda aybladi.
“Hozir bu munosabatlar yo‘qligining ajablanarli joyi yo‘q. Lekin biz hech qachon munosabatlarni tugatmaganmiz. Faqat shuni aytishim mumkinki, bundan buyon na amerikaliklarga, na YeIga ishonamiz, muhim sohalarda ularga qaram bo‘lmaslik uchun barcha zarur ishlarni qilamiz", deya ta’kidladi Lavrov.
Rossiya TIV rahbariga ko‘ra, agar G‘arb davlatlari o‘zlarining buyukligi bilan ovora bo‘lishdan bo‘shab, qandaydir takliflar bilan Rossiyaga murojaat qilsa, Moskva ularni ko‘rib chiqadi.
Belarus Tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey Lavrov bilan uchrashuvdan so‘ng, Ittifoq davlati va G‘arb o‘rtasidagi temir parda nafaqat ufqda yotibdi, balki uning qurilishi allaqachon boshlangan, degan fikrni bildirdi.
"Temir pardaning konturlari nafaqat ufqda ko‘rinib turibdi. Aslida, uning poydevori allaqachon qad rostlagan", deydi Makey.
Uning so‘zlariga ko‘ra, temir parda nafaqat siyosiy aloqalarni cheklash yoki to‘xtatish, savdo, logistika va fuqarolar harakatini cheklashda, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Belarus bilan chegarada o‘rnatilgan haqiqiy to‘siqlarda ham namoyon bo‘ladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi