Litva osmonida xavf: NATO qiruvchilari Belarus dronini yo‘q qildi
Olam
−
10:04 773 2 daqiqa
Bugun, 15 sentyabr kuni NATO qiruvchi samolyotlari Litva havo hududiga kirgan dronni urib tushirdi. Bu haqda Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ma’lum qildi.
Hodisa mamlakat poytaxti Vilnyus va uning atrofida havo xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilinganidan so‘ng yuz bergan. Litvaning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha xizmatlarining ma’lum qilishicha, dron mamlakatning markaziy-janubiy qismidagi Kaunas shahri yaqinida joylashgan Pratkunay qishlog‘i hududida urib tushirilgan.
Litva Inqirozlarni boshqarish markazi dron Belarus hududidan kirib kelgani va g‘arb tomon harakatlanganini bildirgan.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi kuchayib borayotgan bir paytda bunday tayyorgarlik mintaqamiz uchun juda muhim”, deb yozgan Nauseda.
Litva Tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris esa mamlakat havo hududini himoya qilishda yordam berayotgan ittifoqchilarga minnatdorlik bildirgan.
“Bu ittifoqchilar birdamligi va qat’iyatining amaldagi eng yaxshi namunasidir. NATO hushyor, sodiq va tayyor ekanini aniq namoyish etmoqda”, degan u.
Shu bilan birga, Polsha ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi dron hujumlari fonida ehtiyot chorasi sifatida harbiy-havo kuchlarini ishga tushirgan. Kecha, 14 sentyabr kuni Polsha harbiylari Boltiq dengizi sohilida, Rusinovo qishlog‘i yaqinida Rossiyaga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan dronni topib olgan.
Polsha Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning aytishicha, dastlabki tekshiruvlar topilgan dron Rossiyaning harbiy uchuvchisiz apparati ekanini ko‘rsatgan. Harbiylar dron Gerbera rusumdagi apparatga o‘xshashini bildirgan. Mazkur dronlar arzon materiallardan tayyorlanadi va ko‘pincha chalg‘ituvchi nishon sifatida qo‘llanadi. Biroq ular portlovchi moddalarni ham olib yurishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Litva, Latviya va Estoniya Rossiya bilan chegaradosh NATO davlatlari hisoblanadi. Ushbu mamlakatlar hududiga Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan beri dronlarning kirib kelishi bilan bog‘liq bir necha hodisa qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi