KXSHT Armanistonsiz Belarusda harbiy mashg‘ulot boshladi

Olam

−

image

Bugun, 12 oktyabr kuni Belarusda Rossiya va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXSHT) boshqa ittifoqchilari ishtirokida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda KXSHTning rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, bugun, 12 oktyabr kuni Belarus Respublikasida KXSHT tinchlikparvar kuchlari bilan birgalikda o‘tkaziladigan “Buzilmas birodarlik – 2026” qo‘mondonlik-shtab mashqlari hamda KXSHTning yadroviy, radiatsion, biologik himoya va tibbiy yordam guruhining birgalikdagi tarkibi bilan o‘tkaziladigan “To‘siq – 2026” nomli maxsus mashqlari boshlangan.

Mashqlarda Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Tojikiston Respublikasidan KXSHT qo‘shinlari (Kollektiv kuchlar) kontingentlari ishtirok etmoqda. Ular tarkibiga harbiy kontingentlar, ichki ishlar organlari bo‘linmalari va Milliy gvardiya, shuningdek, Birlashgan shtab hamda KXSHT kotibiyatining tezkor guruhlari kiradi.

Mashg‘ulotlarga 1 500 dan ortiq harbiy xizmatchi va 300 dan ortiq qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika, jumladan, 80 ga yaqin turli xil uchuvchisiz uchish apparatlari jalb etilgan. Mashqlar Losvido va Starodorojskiy o‘quv maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) chiqarib yuborilishidan qo‘rqmasligini ma’lum qilgandi. U, shuningdek, Yerevan pozitsiyasini Kikos haqidagi arman ertagi syujeti bilan izohlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing