Estoniya telekanali rossiyalik sportchilar sabab Olimpiada translyatsiyasidan voz kechdi

Olam

−

image

Estoniyaning ERR davlat teleradiokompaniyasi Rossiya va Belarus sportchilari milliy ramzlari bilan musobaqalarda qatnashishi sababli Dakarda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar Olimpiadasining ochilish va yopilish marosimlarini jonli efirda namoyish etishdan bosh tortdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilindi.

ERR sport bo‘limi rahbari Rivo Saarna telekompaniya bu qaror haqida Yevropa radioeshittirishlar ittifoqi va Olimpiya qo‘mitasini xabardor qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Estoniya sportchilarining natijalari ERR sport portali va ETV telekanalining sport yangiliklarida yoritiladi.

Saarna Rossiya va Belarus delegatsiyalariga musobaqada o‘z davlat bayroqlari va milliy ramzlari bilan qatnashishga ruxsat berilganini afsuslanarli holat deb atagan.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning dekabr oyida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ijroiya qo‘mitasi rossiyalik va belaruslik sportchilarga o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarda cheklovlarsiz qatnashishga ruxsat berishni tavsiya qilgan edi. Bu tavsiya ham individual, ham jamoaviy sport turlariga taalluqli.

O‘smirlar Olimpiadasi 31 oktyabrdan 13 noyabrgacha Senegal poytaxti Dakarda bo‘lib o‘tadi. Bu Afrika qit’asida ilk bor tashkil etiladigan Olimpiya musobaqasi hisoblanadi. Rossiya terma jamoasi ushbu musobaqada 13 nafar sportchi bilan ishtirok etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya Seymi (parlament) jamoat teleradiokompaniyasi (LSM)ga rus tilida kontent yaratishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing