Rossiya urushda ukrainalik bolalardan foydalanmoqda – Rasmiy Kiyev
Olam
−
22 aprel 2022
10863Rossiya armiyasi Ukraina bilan birgalikda bolalarni ham qurolli mojaroga jalb qilgan. Bu haqda Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktova ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda ukrainalik bolalardan foydalanishning sakkizta holati qayd etilgan.
Rossiya armiyasi ukrainalik bolalarni bevosita harbiy ma’lumotlarni yig‘ish yoki uzatish, qurol-yarog‘ tashish va hokazolarda ishtirok etishga majbur qilmoqda.
“Rossiya ukrainalik bolalarga qarshi urush olib bormoqda va ularni Ukrainaga qarshi harakatlarga jalb qilmoqda. Voyaga yetmaganlar bo‘yicha prokurorlar ikki yo‘nalishda – qurbon bo‘lgan bolalar va qonun bilan nizoda bo‘lgan bolalarga e’tibor qaratmoqda”, deydi Bosh prokuror.
Venediktovaga ko‘ra, Rossiya armiyasining o‘qqa tutishi oqibatida 1 141 ta o‘quv muassasasi zarar ko‘rgan, shundan 99 tasi butunlay vayron bo‘lgan.
Aytish joizki, Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan beri 208 nafar ukrainalik bola halok bo‘lgan, 386 nafari yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 aprel holatiga Ukrainadan 5 milliondan ortiq tinch aholi tark etgandi.
Joriy yilning 24 fevralidan 14 apreliga qadar esa Ukrainada kamida 1 982 tinch aholi halok bo‘lgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi