Rossiya urush uchun katta maosh evaziga o‘nlab ko‘ngillilar batalonlarini tuzgan – OAV

Olam

image

Ukrainadagi urushda qatnashish uchun Rossiyaning 20 dan ortiq viloyatida ko‘ngillilar bo‘linmalari tashkil etildi. Bu haqda  “Kommersant” gazetasi xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning bahoridan beri Rossiya rasmiylari 40 dan ortiq shunday batalonlarni tashkil qilgan. Ba’zi hududlarda bitta bo‘linma shakllangan, boshqalarida esa ikki, uch yoki undan ko‘p. Ko‘ngillilardan motoo‘qchilar, tank yoki artilleriya batalonlari va rotalari, shuningdek qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari tuzilgan. Ko‘pincha bo‘linmagan faqat bitta mintaqa aholisidan shakllantirilgan.

Barcha hududlarda ko‘ngilli bo‘linmalar a’zolari Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi bilan bir necha oy muddatga shartnomalar tuzib, shartnoma asosida xizmat o‘tovchi maqomini olishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘ngillilarga va’da qilingan to‘lovlar mintaqaga bog‘liq: Omsk viloyatida ko‘ngillilarga 130 ming rubl, boshqa hududlarda – 200 mingdan ortiq maosh va’da qilingan. Perm o‘lkasidagilarga esa kamida 300 ming rubl taklif qilingan. Bundan tashqari, ko‘ngilli askarlar jangovar harakatlardagi muvaffaqiyati uchun turli to‘lovlar hamda kunlik 8000 rubl olishi mumkin. 

"Meduza" nashrining yozishicha, ko‘ngillilar orasida aldanganlar ham mavjud. Jumladan, iyul oyida chuvashistonlik ko‘ngillilar va’da qilingan pulni olmaganliklarini da’vo qilishgan.

Anonimlik sharti bilan "Kommersant"ga xabar bergan federal amaldorning aytishicha, ko‘ngillilar bilan ishlash qulay bo‘lgani uchun bo‘linmalar hududiy asosda tuzilgan. Manbaning ta’kidlashicha, mintaqaviy hokimiyatdan axborot ta’minoti, moliyaviy va qo‘shimcha moddiy-texnik ta’minot uchun mablag‘ yig‘ishda yordam berish so‘ralgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

45

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing