Rossiya Ukrainaning uchta samolyotini urib tushirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi bir sutkada uchta qo‘mondonlik punktiga, Ukraina Qurolli kuchlarining 104 ta ishchi kuchi va harbiy texnikasi to‘plangan hududiga zarba berdi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS.

Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Zmeyniy oroli yaqinida Ukrainaning Su-24 samolyotini urib tushirdi. Bundan tashqari, havo hujumidan mudofaa tizimlari Nikolayev viloyatida va Buyuk Kamishevaxi tumanida Ukrainaning ikkita Su-25 samolyotini urib tushirdi.

Konashenkovga ko‘ra, Rossiya quruqlikdagi qo‘shinlarining raketa qo‘shinlari va artilleriyasi bir kunda Ukraina Qurolli kuchlarining 350 dan ortiq nishonlariga zarba bergan.

Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan beri Rossiya Qurolli Kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlarining 168 ta samolyoti, 889 ta uchuvchisiz uchish apparati, 3108 ta tank va zirhli texnikasini yo‘q qildi, degan Mudofaa vazirligi vakili.

Rossiya Mudofaa vazirligi “maxsus operatsiya” davomida yo‘qotishlari miqdorini oxirgi marta 25 mart kuni e’lon qilgandi: 1351 nafar qurbon va 3825 nafar yarador.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing