Rossiya Ukrainaning qaysi hududlarini qo‘shib olish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainaning Xerson viloyati hamda tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari nazoratidagi hududlar Rossiya tarkibiga kiradi, Zaporoje viloyati bilan ham xuddi shunday bo‘ladi, vaziyat imkon bergan zahoti referendum o‘tkaziladi. “Yagona Rossiya” partiyasi Bosh kengashining kotibi Andrey Turchak RIA Novostiga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

“Qarorni aholining o‘zi qabul qilishi kerak va ishonchim komilki, ular buni qabul qiladilar. Shuning uchun men bu mintaqa Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishiga shubha qilmayman. Odamlar Bandera terrori G‘arb tomonidan qonuniylashtirilgan sakkiz yil o‘tib himoya, barqarorlikni xohlaydilar, ular uchun uzoq kutilgan va mustahkam tinchlik keldi”, deya Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchilik harakatini ozodlik yurishidek ta’riflagan Turchak.

Siyosatchi Donetsk va Lugansk viloyatlarining Ukrainadan tortib olingan hududlari haqida gapirib, shak-shubhasiz ular ham Rossiyaga qo‘shilishini ta’kidladi. Uning fikricha, Zaparoje viloyati ham bu qarorni qo‘llab quvvatlaydi.

“Vaziyat bo‘lishi bilan, o‘q otish to‘xtab, xavfsizlik zonasi paydo bo‘lishi bilanoq referendum o‘tkazilishi kerak. Hamma narsaning o‘z vaqti bor. Ishonchim komilki, Zaporoje aholisi ham bunday qarorni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z fikrlarini bildiradi”, degan hukmron “Yagona Rossiya” Bosh kengashi kotibi kelgusidagi rejalar haqida gapirib.

Qayd etish kerakki, Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlar davomida Xerson viloyatini to‘liq, Zaporoje viloyatining Azov dengiziga tutash qismini egalladi. Hududlarda Rossiyaga bo‘ysunuvchi harbiy ma’muriyat shakllantirildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

28

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing