Rossiya Ukrainaning qancha donini olib ketgani aytildi

Olam

image

Ruslar Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlaridan yarim million tonnaga yaqin donni olib ketishgan. Bu haqda Ukraina Agrar siyosat va oziq-ovqat vazirining birinchi o‘rinbosari Taras Visotskiy milliy telemarafon efirida ma’lum qildi, deb xabar berdi UNIAN.

“Hududlardan, xususan, vaqtincha bosib olingan hududlarda joylashgan elevatorlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yarim million tonnaga yaqin don o‘g‘irlangan. Bu vaqtincha bosib olingan barcha viloyatlar – Xerson, Zaporoje, Lugansk, Donetskda”, deydi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar 2021 yilning kuzida ukrainalik fermerlar tinchlik davrida ekkan yangi kuzgi bug‘doyning donini ham o‘g‘irlash xavfi katta.

“Umid qilamizki, janubiy viloyatlarda bir necha haftadan so‘ng o‘rim-yig‘im boshlanishidan oldin bu hududlarda ham g‘alaba qozonib, deokkupatsiya qilishga muvaffaq bo‘lamiz, chunki boshqa sharoitda bosqinchilarning xatti-harakati bu nonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘irlash ehtimolidan darak beradi”, dedi Visotskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

58

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing