Rossiya Ukrainaning ikki viloyatini birdan qo‘shib olishi mumkin

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainaning ruslar tomonidan egallangan Zaporoje va Xerson viloyatlari Rossiya tarkibiga bir vaqtda qo‘shib olinishi mumkin. Zaporoje viloyatining Rossiya tomonidan tuzilgan harbiy-fuqarolik ma’muriyati kengashi rahbari Vladimir Rogov TASSga ma’lum qildi.

Rogovning so‘zlariga ko‘ra, Zaporoje va Xerson viloyatlarida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum bir kunda o‘tkazilishi mumkin, bu go‘yoki Ukraina tomonidan uyushtiriladigan provokatsiyalar sonini kamaytiradi.

“Jarayonlarimiz taxminan bir xil darajada, biz hamkasblar bilan aloqadamiz, maslahatlashyapmiz va uchrashyapmiz. Qayerdadir Zaporoje oldinda, qayerdadir Xerson ildamlab ketgan. Bir kunda o‘tkaziladigan referendum hududlarimizga Zelenskiy rejimining tajovuzkorligini tarqatib yuborishga yordam beradi, chunki ular provokatsiya qilishga urinishlari aniq, ammo bunday katta maydonda buni amalga oshirish ularga qiyinroq bo‘ladi”, degan ruslar tomonidan tayinlangan viloyat mas’uli.

Unga ko‘ra, referendumga tayyorgarlik ko‘rishdagi asosiy vazifa uning shaffofligi va saylovchilar xavfsizligini ta’minlashdan iborat.

Shuningdek, u referendumning aniq sanasi hali aniqlanmaganini, u sentyabr oyining birinchi yarmida o‘tkazilishi kutilayotganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Rossiya fevral oyida Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlashi ortidan Xerson viloyatini to‘liq, Zaporoje viloyatini esa qisman egalladi. Shundan so‘ng bu hududlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri RF tarkibiga qo‘shish haqida fikrlar yangray boshladi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

27

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing