Rossiya Ukrainaning 5 ta qurol omborini yo‘q qildi
Olam
−
01 aprel 2022
10773Rossiya harbiylari Ukraina Qurolli Kuchlarining oltita ob’ektini, shu jumladan beshta o‘q-dorilar omborini yuqori aniqlikdagi havo qurollari bilan yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov ma’lum qildi.
"Ukrainaning oltita harbiy ob’ekti yuqori aniqlikdagi havo qurollari bilan yo‘q qilindi, jumladan Boguslavskiy, Krestishe, Reznikov, Velikaya Novoselkadagi beshta o‘q-dori, raketa va artilleriya qurollari ombori hamda bitta yoqilg‘i-moylash ombori", deydi Konashenkov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Aerokosmik kuchlarining havo mudofaasi o‘tgan kun ichida Ukrainaning Mi-8 vertolyoti va sakkizta uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirgan.
“Rossiya Aerokosmik kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimlari havoda urib tushirildi: Lyubimovka posyolkasida bitta Ukraina Mi-8 vertolyoti va Lisichansk, Donetsk, Chernigov, Korsun-Shevchenkovskiy, Novomixaylovskiy hududlarida sakkizta Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari, shu jumladan Vaxovkada bitta Bayraktar TB2”, deydi Konashenkov.
Uning ta’kidlashicha, urush boshlangandan beri Ukrainaning jami 124 ta samolyot va 81 ta vertolyot, 353 ta uchuvchisiz uchish apparati, 1 839 ta tank hamda boshqa zirhli jangovar mashinalari, 202 ta RSZO, 773 ta dala artilleriya va minomyotlari, shuningdek, 1 711 ta maxsus harbiy qismlarning transport vositalari vayron qilingan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi