Rossiya Ukrainaga ko‘plab harbiy texnikalar yuborgani aytilmoqda (video)

Olam

image

Rossiyani Qrim bilan bog‘lovchi ko‘prikda ulkan temiryo‘l karvoni ko‘plab harbiy texnikalarni yarimorol tomon olib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Videolar izohida texnikalar kelgusida Ukrainaning Xerson va Zaporoje viloyatigayuborilishi aytilgan. Kadrlarda turli harbiy texnikalarni ko‘rish mumkin, jumladan, zirhli transport vositalari, piyoda jangovar mashinalari, T-72 tanklari, “Tigr” yuk mashinalari, shuningdek, harbiy xizmatchilar ketayotgan vagonlar ham bor. Umumiy hisobda 19 ta turdagi harbiy texnikani sanashning imkoni bo‘lgan. 

Bir qator taxminlarga ko‘ra, harbiy texnika qisman safarbarlik doirasida chaqirilgan harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin, ammo hozircha bu ma’lumotlar tasdiqlanmagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi texnikalar ko‘chirilgani bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov oxirgi 10 yilda Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarni ham urushga safarbar qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing