Rossiya Ukrainaga hujumning birinchi bosqichini yakunladi – Shoygu
Olam
−
29 mart 2022 16284 3 daqiqa
Rossiyaning Ukrainaga hujumi natijasida Kiyev qo‘shinlari “katta zarar ko‘rdi”. Rossiya harbiylari Ukrainaga hujum operatsiyasining birinchi bosqichining asosiy vazifalarini bajardi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ma’lum qildi.
“Ukraina qurolli kuchlari katta zarar ko‘rdi. Havo ustunligi qo‘lga kiritildi. Harbiy havo kuchlari va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi amalda yo‘q qilindi. Mamlakat harbiy-dengiz kuchlari faoliyatini to‘xtatdi. Quruqlikdagi barcha tuzilmalar katta yo‘qotishlarga uchradi”, deydi Shoygu.
Mudofaa vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning 152 ta samolyotidan 123 tasini, 149 ta vertolyotidan 77 tasini, 180 ta uzoq va o‘rta masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa majmuasidan 152 tasi yo‘q qilingan.
Shoyguning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga hujum operatsiyasining birinchi bosqichining asosiy vazifalarini bajargan.
“Ukraina Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyati sezilarli darajada kamaydi, bu endi asosiy e’tibor va asosiy sa’y-harakatlarni Donbassni ozod qilishga qaratish imkonini beradi”, deydi vazir.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi