Rossiya Ukrainada $5,1 mlrdlik texnikasini yo‘qotdi – “Forbes”
Olam
−
15 mart 2022
8484Rossiya Ukrainadagi urushda umumiy qiymati 5,1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan texnikalarini yo‘qotdi. Bu haqda “Forbes” o‘z hisoblariga asoslanib, xabar berdi.
Pul bilan hisoblaganda umumiy yo‘qotishlarning 47 foizi samolyotlar va vertolyotlarga, 29 foizi tanklarga, 14 foizi zirhli jangovar mashinalarga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, yo‘q qilingan tanklar Rossiyaga 1,5 milliard dollar, zirhli jangovar mashinalar esa 700 million dollarga tushgan. Yo‘qotilgan samolyotlar va vertolyotlarning summasi birgalikda 2,4 milliard dollarni tashkil qilgan.
Biroq, bu miqdor taxminiy. Negaki, ruslar Ukrainaga qarshi urushda turli markadagi texnikalardan foydalanmoqda. Samolyotlarga kelsak, ukrainaliklar 11 million dollar turadigan Su-25 samolyotini urib tushirgan holatlar mavjud. Shu bilan birga, Ukraina harbiylarining o‘ljasiga aylangan Su-30 33 million dollar, Su-34 esa 36 million dollar turadi.
Urib tushirilgan eng qimmat texnika ikkita yirik Il-76 harbiy-transport samolyotidir. Ulardan biri Vasilkov yaqinida, ikkinchisi Kropivnitskiy yaqinida urib tushirilgan. Ularning har biri 86 million dollarga baholangan.
Tanklarga kelganda, Forbes narxlarni ochiq manbalardan olgan. Bitta tank jurnalistlar tomonidan 4 million dollarga baholangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi