Rossiya Ukraina ustidan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini talab qildi

Olam 5514
image

Rossiya Zaporoje atom elektr stansiyasiga Ukraina tomonidan uyushtirilgan hujum va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan halokatli oqibatlar yuzasidan ertaga, 11 avgust kuni brifing o‘tkazishni so‘radi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakilining o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy ma’lum qildi. 

“Rossiya Xavfsizlik kengashidan Zaporoje AES o‘qqa tutilgani bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishni so‘ragan. Ukraina provokatsiyalari keng jamoatchilikdan yashirilmasligi kerak”, deydi u. 

TASS nashrining yozishicha, Rossiya bo‘lajak yig‘ilishda ma’ruzachi sifatida MAGATE bosh direktori Rafael Grossining ishtirok etishini so‘ragan.

Avvalroq, UNIAN nashri 5 avgust kuni rus bosqinchilari Zaporoje AESiga to‘rt marta o‘q uzgani haqida ma’lumot bergan edi. Shuningdek, Zaporoje atom elektr stansiyasi bosqinchilar tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatlarni butun Rossiya atom sanoatiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.

Ma’lumot o‘rnida, Zaporoje - Yevropadagi eng yirik AES bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Uning quvvati taxminan 6 ming megavattni tashkil etadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Farangiz Salimova

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 9
Reyting: 3.2
t
×