Rossiya-Ukraina muzokaralarida qatnashgan Abramovich zaharlangani aytilmoqda

Olam

image

Rossiya va Ukraina o‘rtasida joriy yilning 3 mart kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarning bir necha ishtirokchisida kimyoviy qurol qo‘llanganidan keyin bo‘ladigan zaharlanish alomatlari borligi haqida xabarlar tarqaldi. “Bellingcat” tergov loyihasi ushbu xabarlar tasdiqlanganini ma’lum qildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 4 martga o‘tar kechasi muzokaralarning uchta ishtirokchisida, jumladan, tadbirkor Roman Abramovichda ham yuqoridagi alomatlar kuzatilgan. Muzokarachilar teri va ko‘z shilliq qavatining yallig‘lanishi, shuningdek, bir necha soat davomida o‘tib ketmagan ko‘zlardagi o‘tkir og‘riqdan shikoyat qilgan. 

Ta’kidlanishicha, muzokaralar Ukraina hududida, tafsilotlarga aniqlik kiritilmagan holda bo‘lib o‘tgan. 

“The Wall Street Journal” o‘z navbatida, Abramovich va yana ikki muzokarachi, jumladan Ukraina Oliy radasi deputati Rustem Umerov Kiyevdagi muzokaralardan so‘ng o‘zini yomon his qilgani haqida xabar berdi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Abramovich Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashgan. Zelenskiyda zaharlanish alomatlari kuzatilmagan.  

“Ukraina tomoni vakillari zaharlanishni Kremldagi ayrim kuchlarning tinchlik muzokaralarini buzishga urinishi bilan bog‘ladi”, deyilgan nashrda. 

Abramovichga yaqin manbaning nashrga aytishicha, u zaharlashga urinish ortida kim turganini bilmaydi. 

Muzokaralarda ishtirok etayotgan Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak WSJ va “Bellingcat” nashrlariga shunday izoh bergan:  

“Bugun muzokaralar guruhining barcha a’zolari odatdagidek ishlamoqda. Hozir axborot sohasida juda ko‘p ma’lumot spekulyatsiyalari, turli fitna nazariyalari va u yoki bu axborot o‘yinining elementlari mavjud. Shuning uchun yana bir bor takror aytaman – muzokara guruhlari a’zolari bugun muntazam rejimda ishlamoqda”. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil fevral oxiri — mart oyi boshida norasmiy manbalar Roman Abramovich Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida ishtirok etayotgani haqida xabar bergan. Abramovichning Ukrainaga tashrifi va Kiyevdagi muzokaralari avval ma’lum bo‘lmagan. Rossiya va Ukraina Belarus hududida bir necha bor yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan, keyin delegatsiyalar videoaloqa orqali muloqotni davom ettirgan. Yangi yuzma-yuz muzokaralar Istanbulda o‘tkazilishi kerak.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

33

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing